Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini takomillashtirish istiqbollari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

 

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, xalqaro va milliy ekspertlar, Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Advokatlar palatasi, ilmiy hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan bir guruh yoshlar qatnashdi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochib berar ekan davra suhbatining dolzarbligi va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, bugungi kunda yuvenal yustitsiya voyaga yetmaganlarga nisbatan yuritilayotgan odil sudlovning umum e’tirof etilgan xalqaro standarti hisoblanishi, milliy qonunchiligimizda uning huquqiy va institutsional asoslari mavjudligi, o‘z navbatida, hozirda yurtimizda qizg‘in kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida ushbu institutning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalari muhim o‘rin egallashiga urg‘u berdi.

 

Tadbirda yuvenal yustitsiya tizimida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning roli, mazkur institutga doir xorijiy tajriba va xalqaro standartlar, O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollari, konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash zarurati kabi masalalarga doir ma’ruzalar tinglandi.

 

Ta’kidlanganidek, bugun Prezidentimiz boshchiligida juda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir, shu jumladan Bosh qomusimiz, Oila, Fuqarolik, Mehnat, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa qator normativ-huquqiy hujjatlardagi huquqiy asoslar muntazam takomillashtirib borilmoqda.

 

Shuningdek, ayni konstitutsiyaviy islohotlar davrida Asosiy qonunimizga bola huquqlariga doir 10 ta asosiy o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Amaldagi Konstitutsiyaning 2 ta moddasida atigi 4 marotaba bola so‘zi ishlatilgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tufayli 7-moddada 15 marotaba bola so‘zi qo‘llanilmoqda.

 

Tadbirda qayd etilganidek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 4 ta maqsad bolalar himoyasi masalalariga qaratilgan. Xususan, “Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash” deb nomlangan 14-maqsadda “Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash” vazifasi belgilangan.

 

E’tiborli jihati, yuvenal yustitsiya ko‘plab xalqaro hujjatlarda bola huquqlarini ta’minlash sohasidagi asosiy institut sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Xalqaro standartlar va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollarini aniqlash, shu jumladan, uning konseptual va bazaviy asoslarini Konstitutsiyada mustahkamlash – bu boradagi milliy amaliyotning rivojlanishiga zamin yaratadi.

 

Buning uchun esa O‘zbekistonda yuvenal yustitsiya bo‘yicha milliy qonunchiligimizni va huquqni qo‘llash amaliyotini ilmiy-nazariy jihatdan chuqur o‘rganish, rivojlangan demokratik mamlakatlarda samarali qo‘llanilayotgan yuvenal yustitsiya modellarini tahlil qilib, ularning ma’qul tomonlarini aniqlash, milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Davra suhbati yakunida muhokamalarda bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborish xususida kelishib olindi hamda mazkur sohani rivojlantirishga oid tadbirlarni amalga oshirishda parlament, davlat organlari, noodavlat tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat hamkorligini keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi haqida xulosaga kelindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech