2022 yil 1 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori bilan joriy yil 1 avgustga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot yuzasidan ma’lumot berildi.
Qonun loyihasining muhokamalarida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi. Buni qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng hozirga kadar 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Konstitutsiyaviy komissiya mutaxassislarining fikricha, fuqarolarimizdan kelib tushayotgan takliflar orasida:
-davlatning ishsizlikni tugatishi;
-soliqqa tortishning mutanosib va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi;
-davlatning zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy
va boshqa yordam ko‘rsatishi;
-davlat organlari faoliyatida ochiqlikning bo‘lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash;
-aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi;
-mahalliy Kengashlarga ham hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatini berish;
-sudning inson huquq va erkinliklarini kamsituvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashga haqli emasligini belgilash haqida va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Haqiqatan ham, birgina mavzu – aholi uchun munosib yashash sharoitlari yaratish, jumladan, dam olish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash masalasini olaylik.
Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunning 38-moddasi quyidagi yangi tahrirda berilgan:
“Har bir shaxs dam olish huquqiga ega.
Yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’tilga chiqish huquqiga ega”.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida amaldagi ushbu modda bunday bayon etilgan:
“38-modda. Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi”.
E’tibor bering: yangi tahrirda insonning dam olish huquqi ancha aniq va qat’iy normalar orqali kafolatlanmoqda. Bu o‘rinda, shubhasiz, yurtdoshlarimiz ushbu konstitutsiyaviy normalarni takomillashtirish yuzasidan bildirgan takliflarning xolislik bilan inobatga olingani hamda g‘oyat sinchkovlik va mohirlik bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgani katta ahamiyat kasb etgan.
Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati ma’lumotiga qaraganda, takliflar yig‘ish ishlari boshlangan dastlabki davr, ya’ni 26 may – 25 iyun kunlari jami 62 ming 238 ta taklif kelib tushgan.
Tabiiyki, ushbu takliflar o‘z vaqtida hisobga olingan, o‘rganilgan va saralangan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi e’tiboriga havola etilishiga qadar loyihani takomillashtirishda bu takliflar juda qo‘l kelgan.
Xususan, Namangan shahrida yashovchi fuqaro Malik Qosimov shunday taklif bergan:
“Haftalik ish vaqt-soati va mehnat ta’tili muddatlarini Konstitutsiyada, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiy etib belgilab qo‘yish kerak”.
Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, “Yangihyot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi D.Yarlashov, shuningdek fuqaro Mahmud Mahamatov ham Konstitutsiyaning 38-moddasini yangi tahrirda berishni taklif etgan. Ular tavsiya etgan matn quyidagicha:
“Har bir shaxs dam olish huquqiga ega. Yollanib ishlayotgan shaxslar haq to‘lanadigan yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Ish vaqti va haq to‘lanadigan yillik mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi”.
E’tibor qilinsa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 38-moddasi matni bilan yurtdoshlarimizning takliflari shaklan va mazmunan bir-biriga yaqin ekanini payqash qiyin emas. Ya’ni, loyihaning umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan dastlabki varianti uni tayyorlash davrida kelib tushgan ko‘plab takliflarga bevosita asoslangani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Konstitutsiyaviy islohot jarayonlariga aholi turli qatlamlarini yanada keng va faol jalb etish maqsadida hududlarda, vazirlik, tashkilot va idoralarda umumxalq muhokamasi doirasida 18 ming 789 ta tadbir o‘tkazilgan. Bu tadbirlarda bir million nafardan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.
Davlat boshqaruv akademiyasida iyun oyida bo‘lib o‘tgan shunday uchrashuvlardan birida Sharofatxon Qodirova Asosiy qonunni 37-1-modda bilan to‘ldirishni taklif etgan. Natijada Sh.Qodirova taklif etgan fuqarolarning dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’tilga chiqish huquqiga oid fikrlar ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 38-moddasidan joy oldi.
Ayni chog‘da, parlament quyi palatasidagi mas’ul qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishida “ish vaqti haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi” haqidagi taklif ham tahlil etildi va dolzarb deb topildi.
Eng muhimi, mutasaddilar ta’kidlaganidek, har bir taklif va ekspertiza xulosalari chuqur va atroflicha ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida muhokama qilib borilmoqda. Kelib tushayotgan takliflarga asosan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilyapti.
Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi quyi palata qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalar o‘tkaziladi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqiladi. Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan deputatlar muhokamasiga kiritiladi va xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar doirasidagi demokratik qonun ijodkorligi jarayoni izchil bormoqda. Umumxalq muhokamasi asnosida kelib tushgan yuz minglab takliflar – Asosiy qonunimizni tom ma’nodagi xalq Konstitutsiyasiga aylantirish uchun keng va qulay imkoniyatdir.
G‘ulom Mirzo,
Oydin Ibrohimova
- Qo'shildi: 02.08.2022
- Ko'rishlar: 5781
- Chop etish