Konstitutsiya va shaxmat

O‘zbekiston 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qiladi. Joriy yil 8 avgust kuni Hindistonning Chennay shahrida Xalqaro shaxmat federatsiyasining 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasining mezbonini aniqlash masalasi ko‘rib chiqilgan yig‘ilishida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida O‘zbekiston g‘olib deb topildi.

Shu tariqa, 4 yildan keyingi shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tadigan bo‘ldi. Ma’lumki, mamlakatimizdan tashqari, Polsha va Zambiya ham ushbu nufuzli musobaqa mezbonligi uchun ariza kiritgan edi. O‘z navbatida, 2024 yilgi shaxmat Olimpiadasiga Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qiladi.

Ushbu satrlarni bitayotganimizda Internetda Chennay shahrida tashkil etilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Niderlandiya jamoasi ustidan g‘alaba qozonib (2,5:1,5), chempionlikni qo‘lga kiritgani haqidagi xushxabar tarqaldi. Bu – Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekistonning tarixdagi birinchi chempionlik zafaridir!

Butunjahon shaxmat olimpiadasi tarixiga nazar solinsa, ilk shaxmat olimpiadasi – jamoalar o‘rtasida jahon chempionati 1927 yilda Londonda o‘tkazilgan. O‘shanda 16 jamoa qatnashgan musobaqada vengriyaliklar g‘olib chiqqan.

Ikkinchi jahon urushi davrida bir muddat to‘xtab qolgan va 1950 yilda qayta tiklangan shaxmat olimpiadasi bugun mazkur sport turining nufuzli musobaqasi hisoblanadi. Har ikki yilda o‘tadigan olimpiadada ishtirok etish uchun har qaysi davlatning to‘rt nafardan asosiy, ikki nafardan zaxiradagi shaxmatchisi tashrif buyuradi. Raqiblar o‘rtasida yakkama-yakka kurashlarning yakuniy natijalariga ko‘ra g‘olib jamoa aniqlanadi. Yakunda umumiy reytingga ko‘ra olimpiada g‘oliblari ma’lum bo‘ladi va ularning har biriga oltin medallar taqdim etiladi.

Butunjahon shaxmat federatsiyasiga (FIDE) kongressi delegatlari 2026 yilda Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilishini bir ovozdan ma’qullaganlari bejiz emas. Bu e’tirof zamirida so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori sport, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilayotganiga bo‘lgan yuksak ishonch mujassamdir.

Yurtimizda shaxmat sohasida izma-iz qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning Konstitutsiyaga, yanada aniq qilib aytganda, konstitutsiyaviy islohotlarga bog‘liqligi ham ayni shu omil bilan izohlanadi. Binobarin, joriy yil 1 avgustigacha umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunimiz quyidagi yangi normani o‘zida mujassam etgan 42-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Ya’ni: «Davlat  jismoniy  tarbiya  va  sportni  rivojlantirish,  bolalar  hamda  yoshlarni  ma’naviy  va  axloqiy  jihatdan  tarbiyalash  uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi».

Bunday norma, birinchidan, amaldagi Konstitutsiyada mavjud emas. Ikkinchidan, mazkur yangi modda Bosh Qomusimizga “osmondan olib”, yanada tushunarli qilib aytganda, yo‘q joydan taklif etilmayapti. Bu mamlakatimizda shaxmatni, umuman, jismoniy  tarbiya  va  sportni  rivojlantirish yo‘lida keyingi yillarda amalga oshirilgan qamrovdor yangilanishlarning konstitutsiyaviy asosini mustahkamlash istagi hosilasidir.

Yaqindagina – 5 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti qabul qilgan “Shaxmatni yanada  ommalashtirish  va  rivojlantirish  bo‘yicha  qo‘shimcha  chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qaror  ayni sohadagi sharoit  va  imkoniyatlar  ko‘lamining  yanada  kengayishida muhim omil bo‘lishi tayin. Zero, mazkur qaror O‘zbekistonning jahon miqyosida tafakkur  o‘yini – shaxmat mamlakatiga tom ma’noda aylanishiga qaratilgan.

Bungacha ham bu borada izchil odimlar qo‘yilgandi. Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2021 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyatini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham bolalar va o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, havaskor shaxmatni ommaviylashtirish, bu borada umumta’lim maktablari, boshqa ta’lim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etishga alohida urg‘u berilgan. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish sohasidagi yuksak marralar bugungi kunda qonun ijodkorlari tomonidan Konstitutsiyaning yangi normasi sifatida huquqiy jihatdan muhrlanayotgan bo‘lsa, mohir shaxmatchilarimiz tomonidan amalda  zabt etilmoqda.

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati xodimi

Powered by GSpeech