Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlarning asosiy maqsadi – inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini, bir so‘z bilan aytganda, inson qadrini har tomonlama himoya qilishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’riflaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.
Harakatlar strategiyasi: fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi amaliy qadamlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini himoya qilish sohasida davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida rivojlanayotgan ijtimoiy hamkorlik munosabatlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida boshlangan shiddatli va izchil islohotlarning asosiy maqsadlari bilan mushtarak hamda hamohangdir.
Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish hamda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash alohida diqqat markazida turganini ta’kidlash lozim. Shu bilan birga, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivoji ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, biz ijtimoiy va huquqiy davlatni bunyod etmay turib, o‘zimiz orzu qilgan adolatli va ochiq fuqarolik jamiyatiga erisha olmaymiz.
Harakatlar strategiyasi doirasida insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy huquqlarini ta’minlash sohasida aniq maqsadga qaratilgan bir qator ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Keyingi 6 yil ichida qo‘lga kiritilgan muayyan amaliy va aniq natijalardan ayrimlariga to‘xtalish lozim, deb hisoblaymiz.
Birinchi natija: qariyb 350 ta qonun, O‘zbekiston Prezidentining 4 ming 400 tadan ortiq farmon va qarorlari, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va davlat dasturlari qabul qilindi. Ular orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, Gender tenglikka erishish strategiyasi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi, BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasiga asoslangan Davlatning yoshlar siyosatini rivojlantirish konsepsiyasi alohida o‘rin tutadi.
Ikkinchi natija: fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha muhim choralar ko‘rildi. Xususan:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tashkil etildi, Parlament Ombudsmani, Biznes-Ombudsman, Bolalar Ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz kabi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar mustahkamlandi;
- Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya singari bir qator parlament institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Eng muhimi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutlari izchil rivojlanmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari parlament va parlament komissiyalari, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul davlat organlari faoliyatiga keng jalb etilmoqda. Shu tariqa jamiyatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati tubdan kuchaydi.
Uchinchi natija: ushbu sohada mamlakat Prezidenti va Hukumatining 200 dan ziyod hujjati, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va dasturlar ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Xususan, kasaba uyushmalar, volontyorlik faoliyati, ayollarni ta’qib va zo‘ravonliklardan himoya qilish, ayollar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini kafolatlash, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi nihoyatda muhim qonunlar qabul qilindi hamda hayotga keng tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati, ekologik nazorat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlatning yoshlar siyosati to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi.
To‘rtinchi natija: O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi. Natijada, bugungi kunda:
- nodavlat notijorat tashkilotlari soni salkam 16 foizga ko‘payib, 9 ming 800 tadan oshgan bo‘lsa, mahallalar soni qariyb 10 mingtaga yetdi. Ommaviy axborot vositalari miqdori, 2016 yilgi holat bilan solishtirganda, deyarli 30 foizga o‘sdi hamda hozirgi vaqtda 1 ming 962 tani tashkil etmoqda. O‘z navbatida, milliy axborot makonidagi internet-nashrlar ikki barobarga ko‘paydi va 677 taga yetdi. Shu o‘rinda xususiy OAV jamiyat hayotida tobora muhim o‘rin egallab borayotganini ta’kidlash lozim;
- siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik, madaniy va ma’rifiy maqsalarga erishish, shuningdek, Barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik darajasi tubdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Beshinchi natija: Davlat byudjetidan ijtimoiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori besh barobardan ziyod ortdi. Birgina 2022 yilning o‘zida ijtimoiy sheriklikka qaratilgan 700 tadan ortiq dastur va loyihalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda;
- O‘zbekistonda istiqomat qiladigan 130 dan ziyod turli millat va elatlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilib kelayotgan milliy madaniyat markazlarini ilk bor sezilarli darajada moliyaviy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Davlat subsidiyasini oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari safi nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining zaif qatlamlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekologik nodavlat tashkilotlar hisobiga yanada kengaydi;
- mamlakatimizning 11 ta mintaqasida «Do‘stlik va NTT uyi» tashkil etilgan bo‘lsa, yana 3 ta mintaqada shunday uylar ochilish arafasida turibdi. Qolaversa, 15 ta «kovorking markazi» ish boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tizimida doimiy asosda ishlaydigan xodimlar soni 52 ming nafar kishidan oshdi.
“Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi” va fuqarolik jamiyati
Keyingi davrda nodavlat notijorat tashkilotlari, ayniqsa, «Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir» hamda «Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi» degan prinsiplarni hayotga tatbiq etishda sezilarli faollik ko‘rsatayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Xususan, joriy yilda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya boshchiligida konstitutsiyaviy islohot hamda Asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalarining turli jihatlariga bag‘ishlangan 100 tadan ortiq milliy va xalqaro forum o‘tkazildi. Birinchi marotaba 200 tadan ziyod milliy NNT Konstitutsiyaviy qonun loyihasini jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari himoyasi va aksilkorrupsiya ekspertizalaridan o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot doirasida “Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi”ni belgilash nazarda tutilmoqda. Bunday monandlik, o‘z navbatida, O‘zbekistonning ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati shakllangan davlat sifatida o‘zini namoyon etishini, jumladan, bir qator demokratik institutlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashni taqozo etadi.
Birinchidan, “Ijtimoiy sheriklik” instituti. Vazirlar Mahkamasining zimmasiga davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, uni mustahkamlash va muhofaza qilish choralarini ko‘rish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ijtimoiy himoya, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish tizimini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlarini ishlab chiqish hamda ro‘yobga chiqarish jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari faollarini jalb etish yuzasidan aniq vazifalar yuklangan.
Ikkinchidan, “Jamoatchilik nazorati” instituti. Bu borada, xususan, davlatning byudjet siyosati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgani, kamida yuz ming kishidan iborat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflarini kiritish huquqiga ega bo‘lgan “xalq tashabbusi” instituti joriy etilgani eng muhim yangiliklardan bo‘ldi.
Uchinchidan, Mahalla instituti. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mahalla instituti faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida o‘zbek mahallalari jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining bosh bo‘g‘iniga aylanadi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari tajribasi va xalqaro e’tirof
Yangi O‘zbekiston – ochiq va mas’uliyatli davlat, o‘z xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiq ishonchli sherikdir.
Mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi so‘nggi 6 yilda tamomila yangi marralarni zabt etdi. Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.
Jahonning oliy minbarlaridan yangragan ushbu murojaatlar asnosida O‘zbekiston Prezidenti 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar asosan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlari himoyasi va boshqa muhim sohalarga taalluqlidir.
O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani keyingi yillardagi amaliy sa’y-harakatlarimizning yuksak xalqaro e’tirofi bo‘ldi. Bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror taraqqiyot”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish” nomli rezolyusiyalari qabul qilingani ham dunyo hamjamiyati tomonidan O‘zbekiston e’tirof etilishining yorqin va o‘ziga xos ifodasidir.
O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Mamlakatimizda “Markaziy Osiyo mamlakatlari lider-ayollari muloqoti” shafeligida mintaqamizdagi xotin-qizlar fuqarolik jamiyati institutlari faollari va «BMT-ayollar» tuzilmasi vakillari ishtirokida mintaqaviy forum tashkil etildi. Shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha “Yoshlarni global faoliyatga jalb etish” mavzusida butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekistonning tashabbusi asosida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi.
Bundan tashqari, BMT tashkil topganidan buyon tarixda birinchi marotaba, O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi Samarqand shahrida o‘tkazildi. Forum yakunida qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasining asosiy hujjatlaridan biri sifatida tasdiqlandi. O‘zbekiston Parlamenti inson huquqlari sohasidagi “Samarqand ruhi”ni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi va amalga oshirmoqda.
2019 yili Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining VI yillik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar yakunida Yoshlar huquqlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi: fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikning yangicha andozalari
Mamlakatimizda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan bir qator amaliy takliflarni bildirish maqsadga muvofiq.
Birinchi taklif: “Fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikning yangicha andozalari – taraqqiyotning yangi strategiyalari – xulq-atvorning yangi modeli” hamda “Maqsadlar yakdilligi va manfaatlari umumiyligi” prinsiplari asosida vakillik va ijro hokimiyatining barcha darajalarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda eng muhim qarorlar qabul qilinishi jarayonlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini keng jalb etish tavsiya etiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faollari, jumladan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, Saylov jarayonini barqaror rivojlantirishning Milliy maqsad va vazifalari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya kabi juda muhim strategiya, konsepsiya va dasturlarni amalga oshirish jarayonlarida keng ishtirok etishlari zarur.
Ikkinchi taklif: ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning hozir amal qilayotgan shakllarini yanada rivojlantirishni taklif etaman. Xususan, bu o‘rinda:
- jamoaviy murojaatlar asosida mintaqaviy, sohaviy va davlat dasturlari ijrosi sifatini hamda davlat mablag‘larining sarflanishi holatlarini tekshirish amaliyoti;
- jinoyatchilik, ayniqsa, odam savdosi, qiynoqlar, uyushgan va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek, penitensiar muassasalar va jazoni ijro etish muassasalarida adolat va inson huquqlariga rioya qilinishi sohalaridagi jamoatchilik nazorati;
- korrupsiya botqog‘iga botgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiogen omillarning oldini olish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish ishlari;
- aholi sog‘ligi va genofondiga zarar yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini “ekologik ekspertiza”dan o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish;
- ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari muammolariga yechim topish bo‘yicha ishlarni samarali va manzilli asosda tashkil etish masalalari nazarda tutilmoqda.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 24.08.2022
- Ko'rishlar: 5542
- Chop etish