Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo’yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo’llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon hamda munosib turmush sharoitini yaratishga yo’naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.
Shu kunlarda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohot jarayonlari ayni mezonni yanada yuksak bosqichga ko’tarishga qaratilgan. Ushbu islohotlarning bosh g’oyasi etib: “Barpo etilayotgan Yangi O’zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati – hamma narsadan ustun!” tamoyili belgilangani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Yangilanayotgan Konstitusiyamiz moddalarida “Miranda qoidasi”, “Xabeas korpus” instituti, fuqarolarimizning uy-joyga bo’lgan huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk himoyasini ta’minlash, tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag’lar erkin harakatlanishi, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olish huquqi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, yerning xususiy mulk bo’lishi, ayollar, bolalar, yoshlar va nuroniylar, migrantlar, nogironligi bo’lgan shaxslar huquqlari himoya qilinishi bilan bog’liq normalar batafsil mustahkamlanayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Ayni chog’da, “O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar asosida maromiga yetkazilmoqda. Ushbu loyihaning mamlakatimiz suvereniteti va xalqimiz mustaqilligini konstitusiyaviy negizda yanada qat’iy ta’kidlashga qaratilgan ayrim yangi normalariga muxtasar to’xtalamiz.
Birinchidan, Konstitusiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunnning Muqaddima qismi yangi tahrirda taklif etilgan bo’lib, jumladan, unda shunday bandlar bor:
«Biz, O’zbekistonning yagona xalqi, inson huquqlariga va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga o’z sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalari ustuvorligini e’tirof etib, har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to’g’risida g’amxo’rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda, ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatiga intilib...».
Ikkinchidan, Konstitusiyaning 1-moddasi mana bunday yangi tahrirda tavsiya etilmoqda:
«O’zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat. Davlatning «O’zbekiston Respublikasi» va «O’zbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi».
Uchinchidan, Asosiy qonun 17-moddasining birinchi qismini quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirish taklif etilgan:
«O’zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to’la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo’l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
O’zbekiston barcha davlatlar bilan do’stona va tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib boradi».
To’rtinchidan, Konstitusiyaning 18-moddasini quyidagi mazmundagi birinchi va ikkinchi qismlar bilan to’ldirish ko’zda tutilmoqda:
«O’zbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitusiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir va ular har kimga tug’ilganidan boshlab tegishli bo’ladi».
Beshinchidan, Bosh Qomusimizning 22-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilingan:
«O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi. O’zbekiston Respublikasi fuqarosi O’zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to’g’risida g’amxo’rlik qiladi».
Qisqacha aytganda, “O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasidan o’tkazilgan matnidan joy olgan shu kabi konstitusiyaviy normalar zamirida, bir tomondan, O’zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suvereniteti, egamenligiga asosli ravishda urg’u berilayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 1 avgustda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o’ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni yuqori saviyada o’tkazish to’g’risida”gi qarorida qayd etilganidek, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g’ururini yetakchi o’ringa olib chiqish – ustuvor vazifamizdir.
Binobarin, xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan 1991 yil 31 avgustda qo’lga kiritilgan O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini kamol toptirish, yurtimizni har tomonlama erkin, obod va farovon mamlakatga aylantirishdagi ahamiyati ulkan, mohiyati esa beqiyos.
Yurtboshimiz e’tirof etganidek, “Aynan milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib o’rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko’lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo’lib kelmoqda”.
Ayniqsa, so’nggi yillarda, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g’oyat og’ir va murakkab vaziyatda Yangi O’zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish yo’lida g’oyat muhim natijalarga erishilmoqda. Bunda dastlab Harakatlar strategiyasi, endilikda Taraqqiyot strategiyasi asosiy dasturilamal bo’lmoqda.
Ushbu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o’zgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida tobora teran his qilib yashamoqdalar.
Sanoqli kunlardan so’ng mamlakatimizda Mustaqilligimizning o’ttiz bir yilligini tantanali bayram qilamiz. Shu munosabat bilan yana bir muhim jihat: 2022-2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish uchun 2022 yilga – «Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yili» deb nom berilganiga e’tibor qarataylik.
Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug’lash va insonlar o’rtasidagi o’zaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir. “Inson qadri” tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o’zida qamraydi.
Mustaqillik bayrami “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g’oyani o’zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ’ibot-tashviqot ishlari dasturi doirasida keng nishonlanayotgani ham bejiz emas. Fursatdan foydalanib, barchangizni shu qutlug’ ayyom bilan muborakbod etaman!
Farida XAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 26.08.2022
- Ko'rishlar: 5173
- Chop etish