Inson huquqlari, mulkiy daxlsizlik va sud himoyasi

Inson huquqlari, mulkiy daxlsizlik va sud himoyasi

 

Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir davlatning buguni va kelajagi xususiy mulkka bo‘lgan munosabat bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning 2022 yil 24 avgustda qabul qilingan "Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mulkiy daxlsizlikni ta’minlashda alohida kasb etadi.

Shu yil 26 sentyabrda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmati rahbari ta’kidlaganidek, mazkur Farmonni qabul qi­lishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish borasidagi vazifalar ijrosini ta’minlashdan iboratdir.

 So‘nggi yillarda xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining Konstitutsiyada kafolatlangan daxl­sizligini ta’minlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qi­lindi. Biroq, shunga qaramay, ayrim joylarda mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi amalda kutilgan natijalarni bermayotgan edi.

 Tahlillar asnosida qonunchilikda mulk huquqining daxlsizligiga putur yetkazadigan:

  - yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi ma’muriy hujjatlarning bar­qaror emasligi;

 - ko‘chmas mulkning tavsifi va mulk­dori haqidagi ma’lumotlar bir qancha axborot resurslarida yuritilsa-da, ulardan hech biriga to‘liq ishonchning mavjud emasligi;

 - mulkdor o‘z mulkidan erkin foydalanishini cheklaydigan holatlar mavjudligi;

 - davlat organi aybi bilan mulkdorga yetkazilgan zarar rasman tan olinsa-da, uni haqiqatda undirish ju­da qiyinligi;

 - Xalqaro mulk huquqlari indeksida O‘zbekiston hozirga qadar baholanmaganligi kabi holatlar mavjudligi aniqlandi.

 Xususiy mulk daxlsizligi va hi­moya­sining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalda ta’minlash, mulkiy munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, mol-mulkning kapitallashuv darajasini oshirish orqali iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga erishish muhimdir. Bunda yer va u bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarning samarali tartibga solinishi alohida o‘rin tutadi.

 Shu munosabat bilan Farmonda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutildi.

 Birinchidan, mulkiy huquqni vujudga keltirgan hujjatni bekor qi­lish orqali ushbu huquqni tugatish mumkin emasligi belgilandi. Agar ushbu hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘l­sa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin bo‘ldi.

 Keyingi ikki yarim yilda hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2 ming 541 ta qarori bekor qilingan. Bu esa, 2 ming 526 ta yer uchastkasiga, ya’ni 101 ming 358 gektar yerga bo‘lgan huquq sud qarorisiz bekor qilinishiga olib kelgan.

 Masalan, "Korean construction industrial group" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Toshkent shahar hokimining 2017 yildagi qarori bilan "snos" eva­ziga 0,63 gektar yer ajratilgan. Tadbirkor ushbu yerda qonuniy tartibda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi qurib, o‘z faoliyatini boshlagan.

 2020 yilga kelib, 2017 yildagi qa­ror Toshkent shahar prokurorining protestiga asosan Toshkent shahar hokimi tomonidan bekor qilingan.

 Tadbirkor bir yil davomida sudlashib, 2021 yil noyabr oyida Oliy sud sudlov hay’ati qarori bilan shahar hokimining 2020 yildagi qarori haqiqiy emas, deb topilishiga va yer­ga bo‘lgan huquqi tiklanishiga erishgan.

 Shu sababli yer uchastkalariga bo‘l­gan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan, prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchast­kasiga bo‘lgan huquqni tugatish tartibi 2022 yil 1 sentyabrdan bekor qilindi.

 Ikkinchidan, yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda unga bo‘lgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiya­ti organlarining qarori bilan rasmiylashtirish tartibi bekor qi­lindi.

 Bunda yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ariza ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish uchun asos hisoblanadi.

 E’tibor bering: oxirgi ikki yarim yil ichida 20 ming 543 ta yer uchast­kasi, ya’ni 2,6 million gektar yer maydoni "erdan ixtiyoriy voz kechilganligi haqidagi ariza"ga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan.

 Afsuski, amalda bunday qarorni yer egasining arizasini olmasdan ham qabul qilish mumkin. Shu sababli mazkur holatlar bartaraf etildi.

 Uchinchidan, Farmon bilan yuridik shaxs tugatilganda uning noqishloq yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi ham tugatilishi haqidagi qoida bekor qilinib, ushbu yer uchastkasi tugatilayotgan tashkilotning muassislari va kreditorlariga o‘tishi belgilandi.

 Yer kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, yuridik shaxs tugatilganda, uning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi ham bekor qilinishi kerak. Ushbu asos bilan keyin­gi ikki yarim yilda 227 ta, ya’ni 8,1 ming gektarlik qishloq va noqishloq yer uchastkasi zaxiraga qaytarilgan.

 Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu qoida tanlov orqali tekinga ijaraga berilayotgan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun o‘rinli. Lekin, bu qoidaning auksionda sotilayotgan noqishloq yerlar uchun ham amal qilishi iqtisodiy va yuridik jihatdan to‘g‘ri emas.

 Shunga asosan yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan uning qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari yer uchast­kasiga bo‘lgan huquqlarini bekor qilishga chek qo‘yildi. Bunda ushbu hu­quqlar yuridik shaxs muassislariga, ishtirokchilarga, agar qonunchilikda, ta’sis hujjatlarida yoki muassislar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularning yuridik shaxsdagi ulushiga, qo‘shilgan hissasiga mutanosib ravishda o‘tkaziladi.

 To‘rtinchidan, amaldagi qonunchilikka muvofiq, yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda kompensatsiya sifatida bo‘sh yer uchastkasidan tashqari davlat mulkidagi ko‘chmas mulkni mulk qilib berish mumkin.

 Ushbu qoida kompensatsiya o‘rnida berilayotgan mulk va uning ostidagi yerning haqiqiy bahosini oshirib yoki kamaytirib ko‘rsatishga, shu orqali mulkdor yoki davlat manfaatlariga zarar yetkazishga olib keladi. Bundan tashqari ushbu yo‘l bilan xususiy sektorga berilgan mulklarning markazlashtirilgan hisobi yuritilmaydi.

 Shunga asosan, "snos" o‘rniga davlat mulkidagi ko‘chmas mulkni berish tartibi bekor qilindi. Ko‘p qavatli uydagi kvartiralar bundan mustasno.

 Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan mulkni qaytarish, ya’ni kompensatsiya undirish borasida 2021 yilda 597 ta ish ko‘rilib, ularning 454 tasi yoki 76 foizi­ qanoatlantirilgan. Binobarin, 2022 yilning 6 oyida bu toifadagi ishlar soni 2 barobardan ham oshib, ja­mi 1 ming 284 ta ish ko‘rilgan, ularning 899 tasi yoki 70 foizi qanoatlantirilgan.

 Yer uchastkalarining jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona sud amaliyotini ta’minlash ham muhim masaladir. Shu sababli Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida sud qarorlarini umumlashtirish tadbiri belgilandi.

 Bunda sud amaliyotini chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sudlarga tegishli tushuntirishlar berish nazarda tutildi.

 Xususan, yer uchastkalari 2021 yil 1 avgustga qadar jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan hamda kompensatsiya tariqasida boshqa yer uchastkasi berish nazarda tutilgan hollarda ushbu kompensatsiya turini o‘zgartirish majburiyatini yuklash bilan bog‘liq sud qarorlari va ularning ijrosi umumlashtirilib, tahlil qilinadi.

 Yana bir muhim masala. Keyingi ik­ki yarim yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 ming 954 ta da’vo arizasi kiritilgan. Shundan 7 ming 311 tasi — 82 foizi qanoatlantirilgan.

 Bunga sabab mulkdor o‘z turar joyi­ga ro‘yxatga qo‘yilgan shaxsni sud qarorisiz majburan ro‘yxatdan chiqarishga haqli emasligidir. Turar joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilgan hollar istisno etiladi.

 Ushbu norma mulk huquqini cheklaydi va eskirgan. Shu bois mazkur Farmon bilan bu tartib bekor qilindi. Mulkiy huquqlar va qarindoshlik aloqalariga ega shaxslarga oid qoidalar bundan mus­tasno, albatta.

 Bundan tashqari, hozirda 20 dan ortiq davlat organi sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.

 Keyingi ikki yarim yilda davlat organlari ushbu imtiyozdan foydalanib, 1,4 trillion so‘mlik 63 ming 909 ta­ da’vo arizasi kiritgan. Shundan 588 milliard so‘mlik 14 ming 736 ta da’vo talabi sudlar tomonidan rad etilgan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.

 Bu esa ayrim davlat organlari o‘z imtiyozidan foydalanib, yetarli asoslar bo‘lmasa ham sudlarga da’vo arizalari kiritayotganidan dalolat beradi.

 Shuning uchun qonunda bojsiz da’vo kiritish huquqiga ega organlar ro‘yxatini qisqartirish, davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar mulkiy huquqlarini cheklash, mahrum qilish yoki boshqa har qanday ko‘rinishda ta’sir qilishga qaratilgan da’volari, arizalari va shikoyatlari uchun umumiy asoslarda davlat boji to‘lashi lozimligi belgilandi.

 Fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga kengroq imkoniyat berish, ularning huquqlari ishonchli hi­moya qilinishini ta’minlash maqsadida sudda o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volarini davlat bojidan ozod qilish belgilandi. Bu da’vo rad etilganda, davlat boji da’vogardan undirib olinadi.

 Shu bilan birga Farmonda gumon qi­linuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan "Xabeas korpus" institutini qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini ko‘rib chiqish uchun sudga kiritish huquqlari haqida so‘z bormoqda.

 Xorijiy tajribada shaxsni qa­moqqa olishga sanksiya berish, uning mulkini xatlab qo‘yish ham sudlar vakolatiga berilgan. Shunga asosan, "Xabeas korpus" institutini yanada keng joriy etib, cu­rish­tiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini sudda ko‘rib chiqish tartibini joriy etish belgilandi.

 Muxtasar aytganda, mulk huquqi, mulk­dorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirishga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar:

 - aholi va tadbirkorlarga mol-mulkdan — yer uchastkalari, bino va inshootlardan haqiqiy bozor aktivi sifatida erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lishiga sharoit yaratadi;

 - qonunchilikdagi ayrim eskirgan normalardan foydalanib, mulk huqu­qini asossiz cheklash yoki bekor qilish holatlarining oldini oladi;

 - davlat organlari, mansabdor shaxs­lar, uchinchi shaxslar tomonidan mulk huquqini buzishga bo‘lgan har qanday noqonuniy harakatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlaydi;

 - mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash orqali tadbirkorlik muhitini yaxshilash, O‘zbekistonni investitsiyalar uchun yanada jozibali makonga aylantirish imkonini beradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech