Konstitutsiyaviy islohotlar: milliy va xalqaro tajriba

Bugun poytaxtimizdagi "Hilton" mehmonxonasida «Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik ishtiroki: milliy va xalqaro tajriba» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochdi:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom ma’noda O‘zbekiston xalqi, uning ilhomlantiruvchisi shaxsan davlatimiz rahbaridir. «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha dastlab 62 mingta taklif tushgan bo‘lsa, 25 iyundan 1 avgustga qadar o‘tkazilgan umumxalq muhokamasida koll-markaz, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, Meningkonstitutsiyam.uz platformasi, an’anaviy murojaatlari hamda jamoalar tomonidan jami 150 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bu 1992 yildagi umumxalq muhokamasiga qaraganda 25 barobardan ortiqdir. Ushbu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi anonim tarzda bildirilgan.

Shuningdek, qariyb 70 foizga yaqini yoshlardan kelgan takliflardir. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda bo‘layotgan siyosiy jarayonlarga nisbatan xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning bee’tibor emasligini namoyon etadi. Taklif berishda faol ishtirok etgan 130 mingdan ortiq fuqaroga minnatdorlik xatlari yuborildi. Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan ham ko‘plab takliflar yuborilgan. Ular ilmiy hamjamiyat ishtirokida atroflicha muhokama qilindi va Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etildi.

Xalqaro anjumanda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, «aql markazlari» konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu institutlar Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga ham yaqindan ko‘mak ko‘rsatdilar. Xususan, BMT, YeXHT, SHHT, YeI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq butun dunyo va mintaqaviy konvensiyalar, deklaratsiyalar, rezolyutsiyalar hamda konstitutsiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba o‘rganib chiqildi. 193 dan ziyod mamlakatlar konstitutsiyasi, konstitutsiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi. Xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil etish va o‘rganishlar asosida «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari», «Jahon konstitutsiyalari», «Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi» (5 jildligi) kabi 10 dan ziyod fundamental asarlar yaratildi hamda ular asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xalqaro konferensiyada BMTning O‘zbekistondagi doimiy kordinatori Roli Astxana, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, jumladan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonlari, uning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilayotgani, yangilanayotgan Konstitutsiyada insonparvarlik g‘oyalarining ustuvor ekanligi kabi qator jihatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Jahongir Shirinov «Konstitutsiyaviy qonun loyihasi — «Xalq qonunlarning yagona manbai va muallifidir» tamoyilining natijasi» mavzusida ma’ruza qildi:

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamalari davomida 150 mingdan ortiq taklif kelib tushdi, — dedi J.Shirinov. — Ushbu takliflar mas’ul qo‘mitalar hamda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari tomonidan bir qator mezonlar asosida tahlil qilib borildi. Jumladan, takliflarning xalqchilligi, aholi uchun ortiqcha byurokratiya keltirib chiqarmasligi, ikkinchidan, taklif Konstitutsiyaning boshqa normalariga, olib borayotgan siyosatimizga, belgilab olgan strategiyamizga hamda xalqaro huquq normalariga zid kelmasligi, uchinchidan, takliflarning amalga oshirilishi o‘zbek davlatchiligining tarixiy taraqqiyotiga, buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga va milliy qadriyatlarimizga putur yetkazmasligi, to‘rtinchidan, takliflarning dolzarbligi, uning shaxsiy ehtiyojdan kelib chiqib emas, balki ko‘pchilikning manfaatlaridan kelib chiqib berilgani va boshqa mezonlar asosida tahlil qilindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish davomida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitutsiyaviy islohot hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining turli jabhalari, novellalariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq milliy, 40 dan ziyod xalqaro forumlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Konstitutsiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, aksilkorrupsiya, lingvistik va boshqa ekspertizalardan o‘tkazildi, — dedi qo‘mita raisi.

Anjumanda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy izohi va takliflari olinganligi ta’kidlandi.

Konferensiyada siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari rahbarlari ham ma’ruza qilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish, aholiga keng tanishtirish borasida partiya va fraksiyalar tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, har bir siyosiy partiya tomonidan ishchi guruhlari tuzilib, ular aholi va partiya elektorati vakillaridan kelib tushgan takliflarni umumlashtirgan holda Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etib borgan. Berilgan takliflar asosan siyosiy partiyalarning pozitsiyalari, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-vazifalari hamda elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, anjumanda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odil Tojiyev ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda har bir modda yuzasidan keng jamoat muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini o‘rganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya o‘rtasida mustahkam aloqalarni ta’minlashda jurnalistlar, blogerlar faoliyatining ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiyaning 2-sessiyasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi, milliy va xalqaro tajriba borasida ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir yakunida xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan yakuniy hujjat qabul qilinishiga kelishib olindi.

Muhtarama Komilova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech