YAKUNIY HUJJATI
Biz, Konstitutsiyaviy komissiya, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi tomonidan Toshkent shaxar xokimiyati ko‘magida 2022 yil 29 sentyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik ishtiroki: milliy va xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari;
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini (Konstitutsiyaviy qonun) loyihasi umumxalq va xalqaro muhokamasining dastlabki natijalari, unda keng jamoatchilikning faol ishtiroki, “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarni hayotga tatbiq etilishi, shuningdek mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida batafsil fikr almashgan;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, uning tuzilmalari, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, hususan, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki, so‘z va axborot erkinligi hamda o‘z fikrini erkin ifodalash kabi huquqlarini himoyalash va amalga oshirish, konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasida qabul qilingan umumjahon va mintaqaviy xalqaro huquqiy hujjatlar va tegishli tavsiyalarini inobatga olgan;
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, avvalambor, “Yangi O‘zbekistonga – yangilangan Konstitutsiya” lozim, deb hisoblayotgan aholining keng qatlami va saylovchilar amri, xohish-irodasi, zamon talabi ekanligini alohida e’tirof etgan;
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim” degan ustuvor g‘oyaga aoslangani va mazkur g‘oyani amalga oshirishda jamoatchilik, shuningdek fuqarolik jamiyatining barcha institutlari faoliyatining siyosiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarini takomillashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli chora-tadbirlarni yuksak baholagan;
xorijiy davlatlar va O‘zbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyotining qiyosiy tahlili, shuningdek Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq va xalqaro muhokamasining dastlabki natijalariga asoslangan holda quyidagi asosiy XULOSALARGA keldik.
- O‘zbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasining asosiy muallifi va ijodkori tom ma’noda O‘zbekiston xalqi hisoblanadi.
Ushbu hulosa, hususan, quyidagilarga asoslanadi:
- ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish g‘oyasi va uning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati ilk marotaba Prezident yoki boshqa qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari tomonidan emas, balki aynan aholi va saylovchilar tomonidan taklif etilgan va asoslangan;
- halq tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarni umumlashirish, tizimlashtirish, chuqur tahlil etish hamda mamlakat taraqqiyotining ushbu bosqichida Yangi O‘zbekistonni va Uchinchi Renessans asoslarini yaratish, jamiyat va davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashning ustuvor maqsad va vazifalarini inobatga olib, O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab berilgan;
- konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish ishlariga bevosita xalq tomonidan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlari boshchilik qilmoqdalar.
- Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasida 1341 ta koll-markazi, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi, an’anaviy murojaatlari hamda jamoaviy takliflari asosida 150 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bu 1992 yildagi umuxalq muhokamasiga qaraganda 25 barobardan yuqoridir.
Deputatlarning ta’kidlashicha, joylardagi uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tashabbus va takliflar tahlili ham xalqning Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga befarq emasligi, balki islohotlarning, hususan konstitutsiyaviy islohotlarning faol va manfaatdor ishtirokchisiga aylanayotganini ko‘rsatadi;
- nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari”, ayniqsa, “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi” degan tamoyillarni hayotga tatbiq etishda sezilarli faollik namoyish etmoqda.
Ular tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.
- O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar keng jamoatchilikning ishtirokida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga orshirilmoqda:
- “inson sha’ni va qadrini” ulug‘lash, avval amal qilgan “davlat – jamiyat – inson” paradigmasini yangi “inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga o‘zgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash;
- xalqchil davlatni bunyod etishning eng muhim sharti sifatida iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash;
- fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitutsiyaviy mustahkamlash;
- davlat va jamiyat milliy qadriyatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolishini himoya qilish, O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish;
- oila institutini mustahkamlash, bo‘lajak avlodlarga an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashning konstitutsiyaviy asoslarini belgilash;
- Konstitutsiyada yangi O‘zbekiston bunyodkorlari — yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini, ularning huquqi, manfaatlari va majburiyatlarini aks ettirish;
- O‘zbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam borayotganini hisobga olgan holda “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash;
- inson huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillarining qadr-qimmati va huquqlarini ishonchli muhofazasini ta’minlash;
- Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim o‘zgarishlariga tegishli huquqiy normalarni kiritish;
- Yangi O‘zbekistonni yuksak bilim va intellektual salohiyatga ega insonlar yurti, ma’rifiy jamiyatga aylantirish maqsadida bolalar bog‘chalari, maktablar, Uchinchi Renessans asoslarining o‘zaro bog‘liq jihatlari bo‘lgan oliy ta’lim va fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash kabilar.
III. Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga tayanib, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli davlat va nodavlat notijorat tashkilolar, mahallalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, soha ekspertlarini keng jalb etgan hamda jahon davlatlari konstitutsiyaviy tajribasini chuqur va har tomonlama o‘rganishga asoslangan holda tashkillashtirgan. Hususan:
- aholiga Konstitutsiyaviy qonun loyihasini keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda har bir moddani keng jamoat muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini o‘rganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya o‘rtasida mustahkam aloqalarni ta’minlash ishlarida minglab jurnalistlar va blogerlarning ishtiroki etishi ta’minlandi;
- joriy yilda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademiik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy noxukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitutsiyaviy islohot hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining turli jabhalari va novellalariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq milliy va 40 dan ziyod xalqaro forumlar, jumladan xorijiy mamlakatlarda ham (AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlar) o‘tkazildi;
- “BMT oilasi” tuzilmalari, ShHT, YeI, YeXHT, qator xalqaro nodavlat tashkilotlar va xorijiy davlatlar parlamentlari, o‘quv va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro forumlarda 500 dan ortiq xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish borasidagi takliflar ishlab chiqildi.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba:
- Konstitutsiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, nogironligi bor shaxslar huquqlari, aksilkorrupsiya, lingvistik va boshqa ekspertizalardan o‘tkazildi;
- BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhi va takliflari olindi.
Biz, xalqaro forum ishtirokchilari, yuqorida qayd etilgan xulosalardan kelib chiqqan holda, Konstitutsiyaviy qonun umumxalq muhokamasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasidagi tegishli tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor tendensiyalari, shuningdek “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga to‘la-to‘kis rioya qilingan holda amalga oshirilgan, deb hisoblaymiz, va uni umumhalq referendumi orqali qabul qilinishi borasidagi taklifni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, tegishli referendumni tashkillashtirishda quyidagi umutanolingan demokratik tamoyillarga alohida e’tibor qaratish lozim, deb bilamiz:
- referendumda fuqarolarning ixtiyoriy va erkin ishtirok etishi, o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berishi uchun barcha huquqiy, tashkiliy va siyosiy shart-sharoitlarni yaratish;
- islohotlar va referendum davomida qonun va huquq ustuvorligini ta’minlash, hususan, jamiyatdagi fikrlar va qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, jamiyatda so‘z va fikr erkinligini ta’minlash, fuqarolarning xohish-irodalariini erkin bildirishlariga ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
- referendumda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki, turli toifadagi saylovchilarning inklyuziv ishtirokini rag‘batlantirish.
Biz, xalqaro konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishdek konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkonini berayotganiga ishonch bildiramiz.
Konstitutsiviy islohotlarda jamoatchilik ishtirokini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan ushbu xalqaro konferensiyaning barcha tashkilotchilari va ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Toshkent, 29 sentyabr, 2022 yil.
- Qo'shildi: 30.09.2022
- Ko'rishlar: 4625
- Chop etish