UZOQ KUTILGAN ADOLAT

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan fuqarolarning asossiz jinoiy javobgarlikka tortilganlik, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganlik, dastlabki tergov organi hamda sudlarning noqonuniy qarorlaridan norozilik tarzidagi murojaatlari muntazam ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayonda mas’ul organlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish borasida tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Milliy markaz tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyida sudlar faoliyatidan norozilik mazmunidagi 217 ta, surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatidan norozi bo‘lib qilingan 286 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.

E’tiborli tomoni shundaki, ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qaror qabul qilinmoqda.

Namangan viloyati, Chust tumanida yashovchi, shu tumandagi  “Chust Farog‘atxon” xususiy korxonasi rahbari vazifasida ishlab kelgan Naimdjon Xalilovga nisbatan huquqni muxofaza qilish organlari tomonidan sodir etilgan adolatsizliklarga taalluqli murojaat shular jumlasidandir.

Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLKQ Departamenti (hozirgi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti) Namangan viloyati, Chust tumani bo‘limi tomonidan tadbirkor N.Xalilovga nisbatan 2017 yil 4 fevral kuni Jinoyat kodeksining 189-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Bunga Chust tumani Davlat soliq inspeksiyasining N.Xalilov rahbarligidagi xususiy korxonada o‘tkazilgan tekshirish yakunlari asos qilib olinadi.

Surishtiruv organi jinoyat ishi qo‘zg‘atishda korxonada o‘tkazilgan tekshirish natijalarini chuqur o‘rganmasdan, aniqlangan qonunbuzilish holatlari tadbirkor tomonidan qonunda belgilangan muddat ichida bartaraf etilganligiga, yetkazilgan zarar qoplanganligiga e’tibor qaratmasdan, shoshma-shosharlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi tadbirkorning 5 yildan ortiq ovorayu-sarson bo‘lishiga olib keladi.

Tadbirkorning ta’qib qilinishi uning o‘z huquqlarini talab qilishidan, qonun ustuvorligini ta’minlashni so‘raganidan, adolatni istaganidan so‘ng boshlanadi.

Ish holatlariga nazar solsak, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudining 2017 yil 10 apreldagi hukmi bilan N.Xalilov 2014 yil 1 yanvaridan 2017 yil 4 noyabriga qadar amalga oshirgan tadbirkorlik faoliyati davrida 814.788.000 so‘mlik kirim qilinmagan tovarlarni realizatsiya qilib, pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olingan 399.308.112 so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, nazorat kassa mashinasiga kirim qilmasdan, bankdan tashqari naqd pul aylanmasini amalga oshirib, juda ko‘p miqdordagi savdo qoidalarini buzganlikda Jinoyat kodeksining 189-moddasi bilan aybli deb topilgan. Aybni yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, unga eng kam oylik ish haqining yuz baravari, ya’ni 14.977.500 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Tadbirkorning murojaati asosida Milliy markaz tomonidan sud hukmining qonuniyligi o‘rganilganda, jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi holatlari aniqlandi.

Ya’ni, N.Xalilovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi ko‘rsatilgan holda, 2017 yil 14 sentyabrda xulosa tuzilib, ishni kassatsiya bosqichida qo‘shib ko‘rish to‘g‘risida Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi kassatsiya bosqichiga tavsiya kiritiladi.

Ammo, kassatsiya bosqich sudi birinchi bosqich sudining hukmi bilan kelishadi va uni o‘zgartirmasdan qoldiradi.

Milliy markazning Oliy sud va Bosh prokuraturaga kiritgan tavsiyalari ham oqibatsiz qoldiriladi. Natijada N.Xalilov 2022 yil 19 avgust kuniga qadar adolat izlab turli davlat idoralariga to‘xtovsiz murojaatlar qiladi.

Sud-huquq organlarining mas’ul shaxslari Jinoyat kodeksining 189-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan “Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilishining oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi” deb ko‘rsatilgan qoidaga o‘z vaqtida amal qilganlarida, shuningdek, buni tasdiqlovchi asosli dalillarga e’tibor qaratganlarida qonun ustuvorligi o‘z vaqtida tantana qilgan bo‘lar edi.

Joriy yil 19 avgustida Oliy sud tomonidan N.Xalilovni oqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Jabrdiyda yurtdoshimiz adolat tantana qilganidan xursand bo‘ldi.

Endi bir qarashda arzimagandek tuyulgan soliq qonunbuzilishiga oid xatti-harakatning jinoyat emasligini isbotlash uchun 5 yildan ortiq vaqtini yo‘qotgan, tadbirkorlik faoliyatidan daromad olish o‘rniga zarar ko‘rgan, qanchadan-qancha qimmatli vaqtini yo‘qotgan va turli tazyiqlarga duch kelgan N.Xalilovning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring.  Uning, oila a’zolarining “sudlangan” degan tamg‘ani olib tashlanishi uchun chekkan azoblarini tasavvur qilish qiyin.

Shunday kezlarda ota-bobolarimizning “Adolat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” degan hikmati esga tushadi. Ayni chog‘da, nainki adolatning, balki shu adolatni tiklash yo‘lida insondek mukarram zotning sinmasligi uchun barchamiz mas’ul ekanimizni unutmaylik.

 

Otabek Norboev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

Powered by GSpeech