Shu kunlarda umumxalq muhokamasida kelib tushgan takliflar asosida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda. Loyihada, jumladan, yurtdoshlarimiz O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi yuzasidan bildirgan takliflar ham o‘z aksini topmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 28-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega”.
Agar yangi normalar bilan to‘ldirilgan ushbu moddaning birinchi jumlasini amaldagi Konstitutsiyaning 28-moddasi birinchi jumlasi bilan solishtirilsa, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi” degan tushuncha yangi tahrirdagi matnda “O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs” degan mazmunda kengaytirilganini kuzatish mumkin.
Eng asosiysi, taklif etilayotgan tahrirda mavjud normalar aniqlashtirilgan. Xususan, nafaqat fuqarolarning, balki mamlakatimizda qonuniy asosda yurgan har bir kishining bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish, yashash joyini erkin tanlash va respublikadan tashqariga chiqish huquqlari mustahkamlangan.
Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs deganda, bir tomondan, fuqaroligi bo‘lmagan yurtdoshlarimiz, ikkinchi tomondan, xalqaro huquq talablari doirasida yurtimizda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar ham tushuniladi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi besh yilda tubdan o‘zgardi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish bilan bog‘liq chaqirig‘iga javoban birgina 2021 yilning o‘zida 56 ming 751 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘ldi.
Keyingi davrda yangilangan "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berilishining yangi tartibi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2024 yilgacha fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global harakatlar rejasiga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish holatlarini yalpi ro‘yxatga olishni ta’minlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga o‘zgarishlar kiritilgan.
Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul hamda mazkur modul asosida o‘qituvchilarga ta’lim berish dasturi ishlab chiqildi. Markaziy Osiyoda fuqarosizlikni kamaytirish va tugatish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar tashkil etildi. BMTning 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasi va 1961 yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi.
BMTning 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilar ekan, hukumatlar fuqarolikka bo‘lgan ustuvor huquqni himoya qilishga sodiqligini namoyon etadi. Zero, inson qadri – ulug‘, inson huquqlari bardavomdir.
Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotiga to‘laqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqlarini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqlarini qonuniy asosda keng ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish kabi boshqa bir qator huquqlarini ham ta’minlaydi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasida har bir inson har bir davlat doirasida bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish va o‘ziga yashash joyini tanlash, istalgan mamlakatni, shu jumladan, o‘z mamlakatini tark etish va o‘z mamlakatiga qaytish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Yashash joyini tanlash erkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasida ko‘rsatilgan. Paktda qayd etilishicha, ushbu erkinlik qonunda nazarda tutilgan, davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloq-odobini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan va Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlar bilan mos keladigan cheklovlardan boshqa hech qanday cheklovlarga duchor bo‘lmasligi kerak.
Shu ma’noda, hozirgi kunda Konstitutsiya islohoti doirasida ko‘rib chiqilayotgan konstitutsiyaviy kafolat davlatga ushbu huquqlarni himoya qilish va ushbu erkinliklarning asossiz hamda qonunga xilof ravishda cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklaydi. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashash erkinligi shaxs huquqlarining ustuvorligi tamoyiliga rioya qilish asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev siyosati tufayli Konstitutsiyaning 28-moddasida mustahkamlangan insonning shaxsiy huquq va erkinliklarini amalga oshirishi uchun qulayliklar tug‘ildi. Ya’ni, yurtdoshlarimizning xorijiy mamlakatlarga chiqishi osonlashdi. Chet el safarini istaganlar uchun stiker olish tartibi bekor qilinib, o‘rniga «qizil pasport» joriy qilindi.
Mamlakatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi. Yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati ma’lumotiga qaraganda, 2022 yil 9 oyida Rossiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya kabi davlatlarga 27 mingdan ortiq fuqaro manzilli ishlarga jo‘natilgan. Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimizning ish beruvchilaridan 834 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.
Agentlik tomonidan jami 206 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Xususan, 183 mingdan ortig‘iga — maslahat xizmati, 6 ming 63 nafariga — huquqiy, 15 mingdan ortig‘iga — ijtimoiy, 2 ming 595 nafariga — moddiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 198 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 844 nafar fuqaro esa O‘zbekistonga olib kelingan.
Shunday qilib, yurtimizda istiqomat qiladigan har bir inson davlat rahbarining: “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipi hayotimizda nechog‘lik samarador tasdig‘ini topayotganiga amalda guvoh bo‘lmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 12.10.2022
- Ko'rishlar: 5233
- Chop etish