Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va ijtimoiy faolligini yanada oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalariga qarashli yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlariga tegishli tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Qarorga muvofiq:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 apreldagi PQ–208-son qarorining 2-bandida byudjet buyurtmachilari uchun nazarda tutilgan cheklovlar Elektron kooperatsiya portalida ro‘yxatdan o‘tgan, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni xarid qilishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning ko‘rgazma yarmarkasini doimiy tarzda o‘tkazish grafiklarini tasdiqlaydi.
Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarda ko‘rgazma yarmarkasini o‘tkazish uchun zarur pavilonlarni aniqlaydi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi. Bunda:
hududlarda ko‘rgazma yarmarkasini o‘tkazish uchun zarur pavilonlar bepul tarzda ajratiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mazkur ko‘rgazma yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul hisoblanadi.
Uchinchidan, davlat buyurtmachilariga o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘rgazma yarmarkalari davomida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar bilan ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni uch yilgacha muddat davomida kafolatli xarid qilishni nazarda tutuvchi shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
To‘rtinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari o‘z hududida faoliyat yuritayotgan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi axborotlarni 2022 yil 15 noyabrga qadar Elektron kooperatsiya portaliga joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi.
Beshinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari zimmasiga doimiy tarzda o‘z hududida tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘tkaziladigan ko‘rgazma yarmarkasi doirasida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishini ta’minlash vazifasi yuklandi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari ushbu vazifalar o‘z muddatida va sifatli bajarilishi hamda yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning faoliyatiga ko‘maklashish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yildi. Ular amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritib boradi.
Bundan tashqari, Prezident qaroriga binoan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining:
a)2023 yil 1 yanvarga qadar yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yagona reestriyuritilishini tashkil etish;
b)tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ish o‘rinlari va sharoitlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishda nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari yuzasidan davlat ekspertizasi xulosasini talab qilish tartibini bekor qilish bo‘yicha takliflari ma’qullandi.
Qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va ijtimoiy faolligini yanada oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalariga qarashli yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid boshqa bir qator dolzarb vazifalar ham ko‘zda tutilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib boriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.10.2022
- Ko'rishlar: 4905
- Chop etish