“– Assalomu alaykum. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboevman. Eshitaman.
- Assalomu alaykum. Namangandan Naimjon Xalilovman. Oliy sud hukmi chiqdi. Men oqlandim! Markaz rahbariyatiga katta rahmat!”
Naimjon Xalilov Namangan viloyati Chust tumanida yashaydi. Mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi – tumandagi “Chust Farog‘atxon” xususiy korxonasining rahbari.
Uning boshiga tushgan barcha ko‘rguliklar 2017 yilda tasarrufidagi korxona faoliyatining Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tekshirilishi bilan boshlandi. Inspeksiya tadbirkor 2014 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning 4 noyabr kuniga qadar 814 mln 788 ming so‘mlik kirim qilinmagan mahsulotlarni sotuvga chiqarganini, pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olingan 399 mln 308 ming 112 so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, nazorat kassa mashinasiga kirim qilmaganini aniqladi.
Tadbirkor o‘z aybiga iqror bo‘ldi va bir oy ichida yetkazilgan moddiy zararni qopladi. Bundan keyingi tadbirkorlik faoliyatida qonunlarga so‘zsiz itoat qilish bo‘yicha o‘zi uchun tegishli xulosa chiqargan Naimjon Xalilovning muammolari, aslida, shu bilan tugashi kerak edi.
Ammo ish Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazildi va N.Xalilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 189-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudining 2017 yil 10 apreldagi hukmi bilan tadbirkor aybli deb topildi va unga eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Naimjon Xalilov qilgan xatosi uchun bu qadar katta tovon to‘lashini, unga sudlanganlik tamg‘asi bosilishini qabul qila olmadi. Adolat tiklanishini, sud hukmi bekor qilinishini so‘rab, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markaziga murojaat qildi.
Milliy markaz huquqshunoslari uning murojaatini ko‘rib chiqib, chiqarilgan sud hukmi qonuniy asosga ega emasligini aniqladilar. Chunki tadbirkor aybdor deb topilishi uchun asos bo‘lgan Jinoyat kodeksi 189-moddasining ikkinchi qismida aniq belgilab qo‘yilganidek, “Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilishining oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi”.
Shundan so‘ng, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ushbu holatda jinoyat-protsessual qonunchilik talablari buzilganini dalillar bilan asoslagan holda ishni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi kassatsiya bosqichiga tavsiya kiritadi. Ammo kassatsiya sudi hukmni o‘zgartirmasdan qoldiradi. Shuningdek, Milliy markazning boshqa vakolatli organlarga kiritgan tavsiyalari ham natijasiz nihoyalanadi...
– Rosti, o‘sha paytda tushkunlikka tushib qoldim. Aybsizligimni isbotlay olishimga ko‘zim yetmasdi... Ammo mamlakatimizda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatar ekanman, adolat tiklanishiga ich-ichimdan ishonardim. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining, “Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim”, degan so‘zlari menga dalda bo‘ldi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning qo‘llab-quvvatlovini har doim his etib turdim. Oliy suddan nihoyatda minnatdorman. Menga qo‘yilgan asossiz ayblov bekor qilinib, adolat qaror topdi, – deya ta’kidlaydi Naimjon Xalilov.
Ha, namanganlik tadbirkor Naimjon Xalilov Oliy sudning 2022 yil 19 avgustdagi qarori bilan oqlandi. Ammo u o‘zining jinoyatchi emasligini isbotlash uchun sarflagan besh yillik umrni ortga qaytarib bo‘ladimi?
Nima uchun huquq-tartibot va sud organlari bunday e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yishdi?
Sud organlari o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatoni tan olmaslik nuqtai nazaridan emas, adolat va inson qadri ustuvorligi tamoyili asosida bu kabi masalalarga yondashishi kerak emasmi?
Qonun tarozisini tutib turgan sudyalarimizning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lmas ekan, bunga o‘xshash savollar ham kelib chiqaveradi. Sudlar tomonidan qabul qilingan har bir qaror adolatli, qonuniy va asosli bo‘lishiga erishilsagina, inson qadri va qonuniy manfaatlari ustuvorligini ta’minlash mumkin.
Azizbek RAMAZONOV,
jurnalist
- Qo'shildi: 14.10.2022
- Ko'rishlar: 5109
- Chop etish