INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI TA’LIM Tinchlik, barqaror rivojlanish va farovonlikka xizmat qiladi

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan azim Samarqand yana jahon sivilizatsiyasining ilg‘or va zamonaviy markazlaridan biriga – olamshumul tashabbuslar ro‘yobga chiqadigan maydonga aylanmoqda. Jahon xalqlari uchun do‘stlik va tinchlik timsoli, ilm-fan va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan tarixiy zaminda shu kunlarda yana bir xalqaro tadbir – 2022 yil 5-6 dekabr kunlari o‘tkaziladigan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan Global forumning maqsad-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.

– Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida Global forum o‘tkazish tashabbusi Prezidentimiz tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan, – dedi A.Saidov. – O‘shanda davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun BMT Kengashi a’zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishimizni ta’kidlaganlari bejiz emas.

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida taklif etgan ko‘plab tashabbuslari ro‘yobga chiqdi. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan 2021 yil 8 oktyabrda “Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risida”gi rezolyusiya qabul qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Parlamenti 2021 yil 7 iyunda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.

Endilikda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bag‘ishlab BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda Global forum o‘tkazishga oid Yurtboshimiz tashabbusini amalga oshirish arafasida turibmiz. Bo‘lajak Global forum mavzusi mazkur Deklaratsiyaning nomi bilan bevosita bog‘liqdir.

– Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya  haqida ma’lumot bersangiz.

– Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim normalari ko‘plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. Xususan, 2011 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan.

Deklaratsiya BMTga a’zo davlatlarga inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani ta’minlash mas’uliyatini yuklaydi. Mazkur Deklaratsiyaga muvofiq:

birinchidan, jamiyatning har bir a’zosi ta’lim olish va o‘qitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi lozim;

ikkinchidan, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo‘lishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak;

uchinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquq va erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi;

to‘rtinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi;

beshinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya barcha insonlar, ayniqsa, yoshlarni keng qamrab oladigan hayotiy jarayon hisoblanadi. Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya ana shu ezgu maqsadlarni global ko‘lamda amalga oshirishga qaratilgan.

– Samarqand Global forumida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichiga takliflar muhokama qilinishi aytilmoqda. Ushbu hujjatning ham mazmun-mohiyatini muxtasar sharhlab bersangiz.

– 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi – inson huquqlari sohasidagi ta’limni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida – Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini e’lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta’lim dasturining bajarilishini global darajada muvofiqlashtirib borishi belgilangan.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. Ushbu jarayon bilan hayotimizning barcha sohalarini keng qamrab olishga ko‘maklashish uchun davlatlar inson huquqlari bo‘yicha ta’limni boshlang‘ich va o‘rta maktab, oliy ta’lim tizimida, o‘qituvchi va targ‘ibotchilar, davlat xizmati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida singdirib borishi taqozo etiladi.

Jahon ta’lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasini milliy darajalarda amalga oshirishni faollashtirishga yordam beradigan amaliy vositadir. O‘tgan davrda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar negizida quyidagi ketma-ket bosqichlarda izchillik bilan amalga oshirilmoqda:

birinchi bosqich – 2005-2009 yillarni qamragan bo‘lib, unda boshlang‘ich va o‘rta maktablar tizimiga inson huquqlari bo‘yicha ta’limni integratsiya qilishga e’tibor qaratildi;

ikkinchi bosqich – 2010-2014 yillarda amalga oshirilgan oliy ta’lim tizimiga inson huquqlari sohasidagi ta’limni uyg‘unlashtirish hamda o‘qituvchilar va ta’lim sohasi xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarni ushbu soha bo‘yicha tayyorlashga bag‘ishlandi;

uchinchi bosqich – 2015-2019 yilarga mansub erkin, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarining adolatni targ‘ib qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, hurmat va erkinlikni ta’minlashdagi muhim rolini e’tirof etgan holda, inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislari va jurnalistlarni tayyorlashga alohida urg‘u berishdan iborat bo‘ldi;

to‘rtinchi bosqich  – 2020 yildan boshlangan va 2024 yilga qadar davom etadi, bunda yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning mazkur to‘rtinchi bosqichi doirasida:

  • yoshlarni inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida o‘qitish va tarbiyalash;
  • xotin-qizlar va bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatish;
  • pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etish;
  • inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida tegishli tadqiqotlar o‘tkazish, baholash, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashish ko‘zda tutilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas’ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, barcha davlatlar va manfaatdor tomonlarga  Jahon ta’lim dasturi bosqichlari hamma sohalarga chuqur tatbiq etilishini faollashtirish tavsiya etildi.

Rezolyusiyada Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so‘rab olish tavsiya etildi.

Shu ma’noda,  «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflarning muhokama qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu omil, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini ko‘rsatsa, ikinchi tomondan, Samarqand Global forumida tom ma’noda umumbashariy masalalar ko‘rib chiqilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

– Inson huquqlari sohasida ta’limga oid xalqaro hujjatlarning bajarilishida O‘zbekiston qay darajada ishtirok etmoqda?

– Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda. Shu munosabat bilan yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, ta’limning o‘ziga xos sohasi hisoblanuvchi inson huquqlari bo‘yicha ta’limni izchil rivojlantirishni taqozo qilmoqda. Bunday ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarda inson huquqlari sohasida, shu jumladan ushbu yo‘nalishdagi ta’limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini ayni shu muhim omillar bilan izohlash o‘rinli, deb o‘ylayman. Chunki Inson huquqlari sohasidagi ta’lim O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilindi. Parlamentimiz palatalari Kengashlari mazkur Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan qabul qilgan «Yo‘l xaritasi» 24 ta banddan iborat bo‘lib, 2021 yil dekabrga qadar ijrosi to‘liq ta’minlandi.

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida oliy o‘quv yurtlari uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etish vazifasi belgilab berilgan. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad – barcha uchun universal bo‘lgan huquqni himoya qilish normalari va prinsiplari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to‘g‘risidagi xabardorlikni, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdir.

Ayni vaqtda Milliy komissiya a’zolari ishtirokida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Uni tayyorlashda xalqaro shartnomalar normalari va andozalariga, BMTning inson huquqlari sohasiga mas’ul tuzilmalari tavsiyalariga, shuningdek jamiyatimizning tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlariga tayandik.

  • Samarqand Global forumini o‘tkazishning asosiy maqsadi va dolzarb vazifalari nimalardan iborat?

Global forumning asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat. Shuningdek, ushbu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlar taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Global forumni o‘tkazishdan quyidagi maqsadlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Birinchi maqsad: 2018 yil  22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida Osiyo forumi bo‘lib o‘tgandi. Osiyo forumi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand Deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 2019 yil 6 fevraldagi  73-sessiyasida tasdiqlandi.

Osiyo forumi yakunida, inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida mazkur xalqaro anjumanni muntazam o‘tkazish muhimligi va zarurligi ta’kidlandi. Shu ma’noda, «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumining uzviy davomidir.

Ikkinchi maqsad: 2022 yil 10 dekabrda insoniyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlanadi. Binobarin, 10 dekabr – butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadigan sana arafasida bo‘lib o‘tadigan Samarqand Global forumi jahon miqyosidagi ana shu muhim tadbirga start beradi.

Uchinchi maqsad: ta’lim sohasidagi yana bir muhim hujjat – BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari bo‘lib, uning to‘rtinchi maqsadida barchani qamrab oluvchi, adolatli va sifatli ta’limni ta’minlash, barcha uchun hayoti davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish, yoshlar uchun bepul, sifatli ta’lim olish va kasbiy tayyorgarlikka imkoniyatlar yaratilishi vazifasi belgilangan.

To‘rtinchi maqsad: ta’lim olish insonlar turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga asos bo‘lib xizmat qiladi, odamlarni qashshoqlikdan chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun, davlatlarda xotin-qizlar va erkaklar ehtiyojlari va kasbiy imkoniyatlariga moslashtirilgan bepul, adolatli va sifatli ta’lim olishi uchun birgalikdagi say’-harakatlarni amalga oshirish zarur.

Beshinchi maqsad: koronavirus pandemiyasi inqirozi oqibatida bu boradagi maqsadlarga erishishda butun dunyoda anchayin ortda qolish kuzatilmoqda. Shunday ekan, har qaysi davlat 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda inklyuziv va teng huquqli sifatli ta’lim bo‘yicha zimmasiga olgan vazifalarni bajarish istiqbollarini yanada aniqlashtirib olishi taqozo etiladi.

Oltinchi maqsad: sayyoramizdagi barcha o‘quvchilar barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari shart. Shuning uchun Samarqand Global forumida, jumladan, dunyo yoshlari orasida barqaror va farovon turmush tarzi, inson huquqlari, gender tenglik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolik va madaniy xilma-xillikning qadriga yetish, qolaversa, kamsitish, ziddiyat va zo‘ravonliklardan voz kechish madaniyatini targ‘ib qilishga taalluqli dolzarb masalalarga e’tibor qaratiladi.

Shu nuqtai nazardan, Samarqand Global forumi doirasida bir qator vazifalarni amalga oshirish, jumladan:

birinchi vazifa – Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xalqaro, mintaqaviy va milliy inson huquqlarini o‘qitish bo‘yicha tajriba va yondashuvlarni muhokama qilish;

ikkinchi vazifa – inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyaning dolzarb muammolarni hal qilishdagi, xususan, kamsitish, zo‘ravonlik va ekstremizmning oldini olish borasidagi hissasini o‘rganish;

uchinchi vazifa – so‘nggi yillarda milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyaning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar tayyorlash;

to‘rtinchi vazifa – bu boradagi ilg‘or xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba hamda ibratli saboqlar, shuningdek, mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlash, to‘plash va tarqatish orqali ma’lumot almashinuviga erishish;

beshinchi vazifa – Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda 2030 yilgacha Barqaror taraqqiyot maqsadlari talablaridan kelib chiqqan holda, yaqin yillarda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha namunali natijalarga ega bo‘lish ko‘zda tutilmoqda.

– Global forumning tashkilotchilari va ishtirokchilari haqida qanday dastlabki ma’lumotlarni taqdim eta olasiz?

– Forumning asosiy Milliy tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Samarqand anjumani BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning mamlakatimizdagi jamoasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert jamg‘armasi kabi ishonchli xalqaro hamkorlarimiz bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.

Global forumning BMT shafeligida gibrid formatda o‘tkazilishi butun dunyodan kengroq auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi. Unda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Samarqand Global forumi:

  • BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish natijalarini sarhisob qilish;
  • inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va yondashuvlarni qo‘llash ko‘lamini tahlil etish;
  • xalqaro miqyosda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi ibratli tajriba va eng samarali amaliyotlarni targ‘ib qilish;
  • BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha turli guruhlar uchun asosiy vazifalarni belgilash;
  • Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun aniq takliflarni tavsiya etish;
  • pandemiyadan keyingi tendensiyalarni hisobga olgan holda ta’lim dasturlari va tavsiyalarini qayta ko‘rib chiqish;
  • xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdek ko‘plab muhim natijalarga erishish imkoniyatini berishidan umidvormiz.

Mazmunli suhbat va batafsil javoblaringiz uchun rahmat.

 

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

ZARNEWS.UZ

Powered by GSpeech