4 DEKABR – XALQARO BANKLAR KUNI

Insoniyat tarixida bank ixtiro qilingan davrdan boshlab, jamiyat rivoji yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bugungi kunda sayyoramizda bank muassasalariga murojaat qilmagan yoki daromadi bank bilan bog‘liq bo‘lmagan biror kimsani topish imkonsiz.

2019 yilda BMT Bosh Assambleyasi insoniyat uchun eng muhim sanalar qatorini to‘ldirar ekan, banklarning nafaqat odamlar turmush darajasi va sharoitini yaxshilashga qo‘shgan hissasini, balki dunyo miqyosidagi eng muhim muammolarni hal etish uchun ulkan salohiyatga ega ekanini ham e’tirof etdi. Shu asosda 4 dekabrni – Xalqaro banklar kuni deb e’lon qildi.

BMTning 2030 yilgacha erishilishi ko‘zda tutilgan Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishda banklarning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Kambag‘allikni bartaraf etish, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashish, jamiyatda ayollarning faolligini kengaytirish orqali gender tenglikni ta’minlash kabi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga bank tizimini xalqaro va milliy darajada rivojlantirmasdan turib erishib bo‘lmaydi.

Ayniqsa, xalqaro iqtisodiy munosabatlar o‘zining o‘zgaruvchan tomonini ko‘proq namoyon qilib turgan hozirgi davrda banklar aholi o‘rtasida ertangi kunga ishonch manbai bo‘lishi kutilmoqda. BMT ekspertlari ta’kidlashicha, “Jahon iqtisodiyotining o‘sish davri o‘z cho‘qqisiga yetib, moliyaviy inqiroz xavfi dunyoning xohlagan bir mamlakatiga raxna solishi mumkin bo‘lgan bir davrda, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lining asosini moliyaviy tuzilmalar tashkil qilishi kerak”.

Maxsus bank shakli sifatida shakllanib ulgurgan taraqqiyot banklari rivojlanayotgan hududlarning iqtisodiy o‘sishiga yordam beradigan loyihalarni moliyalashtiradi. Ular yangi manbalardan, shuningdek, xususiy va davlat qo‘shimcha resurslaridan foydalanish orqali uzoq muddatli moliyalashtirishni ta’minlaydi. Har yili Xalqaro banklar kunida taraqqiyot banklarining barqaror rivojlanishni moliyalashtirishdagi ahamiyati alohida e’tirof etiladi.

 O‘zbekistonda bank tizimini rivojlantirishga istiqlolning dastlabki kunlaridanoq davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilgan. Bu borada dastlabki fundamental me’yoriy-huquqiy hujjat –  “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun yurtimiz mustaqilligi e’lon qilinishidan ham oldin – 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan.

XX asrning so‘nggi 10 yilligida O‘zbekistonda ikki tabaqadan iborat bank tizimi shakllantirilgan bo‘lsa, yangi ming yillikning avvalida zamonaviy infratuzilmaga ega samarali bank tizimi tashkil etildi hamda milliy banklarimiz xalqaro moliya bozoridagi o‘rnini mustahkamladi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi banklar jahon bozorida raqobatbardoshlikka intilmoqda, tizim esa davlat boshqaruvidan shaffof xususiylashtirish yo‘llari orqali xususiy sektor boshqaruviga o‘tmoqda.

Harakatlar strategiyasi hamda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida bank tizimi tubdan isloh qilinib, banklarda oddiy aholi uchun ham, yirik tadbirkor va investorlar uchun ham qulay bo‘lgan yangi xizmat turlari taklif etilmoqda. Valyuta erkinligi, jahon bozoriga kirish hamda xalqaro savdoda qatnashish salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar o‘z samarasini bermoqda.

Jumladan, 2019 yildan boshlab har yili poytaxtimizda Xalqaro moliya-bank forumi o‘tkazilmoqda. Ushbu forum xalqaro darajadagi bank va moliya mutaxassislarini o‘zida jamlab, ko‘plab muvaffaqiyatli bitim va kelishuvlarga sabab bo‘lmoqda.

2021 yil 26 noyabrda o‘tkazilgan forumda dunyoning 20 dan ziyod davlatidan tashrif buyurgan 500 dan ortiq moliyaviy tuzilma rahbarlari, tadbirkor va investorlar tomonidan qiymati 567 million dollardan ortiq 28 ta hujjat imzolangan.

Hozirda yurtimizdagi bank va moliya tashkilotlari istiqbolli loyiha taqdim eta olgan bo‘lajak tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda ham faollik ko‘rsatmoqda. Ularning ayni shu jonkuyarligi aholi orasida qashshoqlikni kamaytirish, tengsizlikka barham berish hamda tadbirkorlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, “Hududlarda ayollar moliyaviy salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida Markaziy bank vakillari viloyatlarga borib, xotin-qizlar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Joriy yil 7-10 oktyabr kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Bo‘stonliq, 10-11 noyabr kunlari Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, Forish va Mirzacho‘l tumanlarida ana shunday ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Xulosa qilib aytganda, bank tizimi – xalqaro darajada ham, milliy darajada ham iqtisodiyot asoslaridan biri sanaladi. BMT tomonidan Xalqaro banklar kunining belgilanishi va nishonlanishi bank tizimining davlat hamda jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.

 

Nazira YUNUSOVA,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali mutaxassisi

Powered by GSpeech