Yurtimizda “mahalla yettiligi”ning joriy etilishi, avvalo, aholi muammolarini mahallaning o‘zida bartaraf etish, ko‘plab masalalarga birgalikda yechim topish imkonini yaratdi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 330 ta mahallaga 169 nafar soliq xodimlari biriktirilgan.
Albatta, mahallabay ishlash tizimining joriy etilishi bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining real daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida puxta reja asosida o‘z ishini to‘g‘ri tashkil etib kelayotgan soha xodimlari mehnati, aniqrog‘i, ish samaradorligi munosib rag‘batlantirilmoqda.
Jumladan, samaradorlik ko‘rsatkichi natijalariga ko‘ra, viloyatda joriy yil oktyabr oyi yakuni bilan 100 ball olgan 1 nafar xodimga 200 foiz, 97 balldan yuqori ko‘rsatkichga erishgan yana 1 nafar xodimga 150 foiz, 95-97 ballgacha ko‘rsatkichlarni qayd etgan 3 nafar xodimga 100 foizdan hamda 90-95 ballgacha samaradorlikka erishgan 22 nafar xodim esa 50 foizdan oylik maoshiga qo‘shimcha ravishda ustama berildi.
Jumladan, viloyatning eng olis Konimex tumani Guliston mahallasiga biriktirilgan soliq inspektori Ulug‘bek Umarov “mahallabay ishlash” tizimining oktyabr oyi natijalariga ko‘ra, 100 ballik ko‘rsatkichni qayd etdi.
– Soliq xizmati organining mahalla darajasiga tushirilishi aholining soliq madaniyatini yuksaltirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, yashirin iqtisodiyotning oldini olish, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda kichik biznesga yo‘naltirish, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarning murojaatlarini ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi U.Umarov. – Oktyabr oyi yakuni bilan o‘zimga biriktirilgan mahalladagi 20 nafar noqonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashdim. Natijada 20 ta korxonada norasmiy mehnat qilib kelayotgan 96 nafar ishchining rasmiy bandligi ta’minlandi. Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 3 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklandi. 193 nafar jismoniy shaxsning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashdim.
Soliq xizmati xodimlarining mahallada har bir soliq to‘lovchi bilan bevosita ish olib borishi, ularga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishi natijasida viloyatda 3 ming 793 ta korxonadagi 13 ming 875 nafar xodimning norasmiy faoliyati qonuniylashtirildi. Natijada byudjetga qo‘shimcha 2,9 milliard so‘m miqdorida daromad solig‘i hisoblandi.
Qonuniy faoliyat – barqaror rivojlanish va xotirjamlik tamoyili asosida viloyatda qonuniy tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritib kelgan 4162 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt faoliyati qonuniylashtirildi. O‘z navbatida, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan 1824 ta tadbirkorning faoliyati tiklandi. 60533 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlandi. Shuningdek, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash natijasida 7 ming 785 ta tadbirkorning tovar aylanmasi 14,7 milliard so‘mga oshirildi. Ya’ni, qo‘shimcha 6,9 milliard so‘m miqdorida aylanmadan olinadigan soliq manbasi shakllandi. Bugungi kunga qadar jismoniy shaxslardan undirilgan 81,7 milliard so‘m miqdorida mol-mulk va yer soliqlarining 8,2 milliard so‘mi mahallalar ixtiyorida qoldirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 26.11.2024
- Ko'rishlar: 614
- Chop etish