Martin Chungong: Assambleyaning asosiy mavzusi O‘zbekiston takliflaridan kelib chiqib belgilanadi

Parlamentlararo ittifoq (PI)ning 150-yubiley Assambleyasi Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Kuni kecha Jenevada buni amalda tasdiqlaydigan hujjat imzolandi. PI Bosh kotibi Martin Chungong yubiley tadbiri haqida to‘xtalib, bo‘lajak Assambleyaning asosiy mavzusi O‘zbekiston tomonining ustuvor yo‘nalishlari va takliflaridan kelib chiqib belgilanishini qayd etdi.  

Bu fikrlar O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.  

Tomonlar Assambleyaga tayyorgarlik ko‘rish va uning doirasidagi tadbirlarni o‘tkazishning tashkiliy jihatlarini ko‘rib chiqdi. O‘zbekistonning PI bilan bilan sherikligini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.  

Ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy va konstruktiv muloqotni davom ettirish kabi masalalar muhokama qilindi.

– Toshkent sammiti nafaqat PI, balki butun jahon parlament harakati uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi, - dedi M.Chungong. – Tadbir doirasida qabul qilingan qarorlar tashkilotimizning o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi.  

Muloqot chog‘ida joriy yilning may oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumi dasturidan maxsus parlament segmenti o‘rin olgani ta’kidlanib, uni muvaffaqiyatli o‘tkazilishida PIning ko‘magiga umid bildirildi.

     

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech