Mazkur savol yuzasidan Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Nuriddin Shadixo‘jayev quyidagilarni ma’lum qildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, mavsumiy ishchi va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun pensiyalar ular tomonidan Pensiya jamg‘armasi uchun to‘langan ijtimoiy soliq miqdoridan kelib hisoblab chiqiladi.
Qulay tomoni shundaki, fuqarolar ushbu to‘lovlarni tegishli davlat organlariga to‘laganligi sababli ular uchun mehnat daftarchasi yuritilmaydi. Ularga tegishli ma’lumotlarni soliq idoralaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratilgan. Ushbu toifadagi fuqarolardan ularning mehnat faoliyatiga doir ma’lumotlarni bandlik organlariga borib, raqamlashtirish talab etilmaydi.
Ular uchun pensiya miqdori qanday hisoblanadi?
Ma’lumki, pensiya miqdori mehnat shartnomasiga asosan doimiy ish bilan band fuqarolarning ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi. Qayd etish lozimki, Pensiya jamg‘armasiga byudjetdan tashqari tashkilotlar 12 foiz miqdorida, byudjet tashkilotlar tomonidan 25 foiz miqdorida ijtimoiy soliq to‘lanadi. Ushbu miqdordan kelib chiqib, pensiya hisoblab chiqiladi. O‘zini o‘zi band qilgan, mavsumiy ishlovchilarning ijtimoiy soliq to‘lovlari ixtiyoriy hisoblanadi. Bunda fuqarolar kelajakda pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi uchun bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorida 340 ming so‘m to‘lovni to‘lashi va bir yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin. Kelajakda ularga pensiya miqdori hisoblab chiqiladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.03.2024
- Ko'rishlar: 2152
- Chop etish