O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz va xalqimiz buguni va ertasini belgilab beradigan, huquq va manfaatlarimiz, erkinliklarimizni kafolatlaydigan Asosiy qonundir. Bu yil Bosh qomusimiz qabul qilinganiga 32 yil to‘ladi.
Ma’lumki, 2023 yilda mamlakatimiz tarixida birinchi bor umumxalq muhokamasida pishitilgan, xalqimiz ishtiroki va ovozi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Unga ko‘plab yangi modda va normalar, muhim o‘zgarishlar kiritildi.
Jumladan, yangi Konstitutsiyamizda aks etgan normalarga ko‘ra, davlat o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularni kambag‘allik botqog‘idan chiqarish, professional kasb o‘rgatish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi. Xususan, Konstitutsiyamizning 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi mustahkamlandi.
Qayd etish lozimki, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori Bosh qomusimizda aks ettirilishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini o‘rnatish tartib-taomillarini yaratish bo‘yicha 1928 yildagi Konvensiya, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash bo‘yicha 1970 yildagi Konvensiya talablariga mos va hamohang bo‘ldi.
Shuningdek, Bosh qomusimizda homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yildi. Hayotimizda uchrab turadigan bu kabi holatlarning Konstitutsiya darajasida taqiqlab qo‘yilgani ayollarimizga keng imkoniyat yaratadi, ularning manfaatlari, mehnat huquqlari himoyasiga zamin bo‘ladi.
Mehnat va ijtimoiy himoyaga oid yana bir muhim jihat 43-moddada o‘z aksini topgan. Ya’ni, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi mazkur moddada belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadir. Dam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq mehnat munosabatlari sohasida amalga oshadi, unga to‘sqinlik qilish mehnat huquqi normalarini buzish hisoblanadi. Xodimlarga nafaqat mehnat ta’tili berish, shuningdek, ish vaqtining davomiyligi, dam olish va bayram kunlari ham qonunlarda aniq belgilab qo‘yilishi ko‘rsatilgan. Bunday normalar xodimlarning dam olish va mehnat qilish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, Bosh qomusimizda fuqarolarning mehnat huquqlari, mehnatga munosib haq to‘lash va dam olishga oid huquqlarining mustahkamlab qo‘yilgani “O‘zbekiston – demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” tamoyiliga mos va xosdir. Har bir fuqaro va uning huquqlari, erkinliklari Asosiy qonunimiz himoyasida ekanligi xotirjam va farovon yashash hissini qalbimizga jo etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 684
- Chop etish