Yangi tashkil etilgan Migratsiya agentligi 2026 yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazadi.
Prezident xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solishga doir qarorni imzoladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etildi. 2026 yil 1 yanvargacha yangi agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.
U 2024 yil 1 noyabrdan xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlarni elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilib boradi.
Shu muddatda agentlikning elektron platformasida fuqarolarga o‘zining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda e’lon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
2024 yil 1 dekabrdan boshlab agentlik tomonidan ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 933
- Chop etish