Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu masala bo‘yicha Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov ma’ruza qildi:
— Mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. 2020 yilda uning maqomini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Hozirgi kunga qadar Milliy gvardiya organlari faoliyatiga oid 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qaror qabul qilinib, Milliy gvardiyaga qator yangi vazifa va funksiyalar yuklatildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya organlarining vazifalari tizimlashtirilmoqda. Shuningdek, bitta yangi vazifa kiritilmoqda. Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan fuqarolarga murojaat etganda yoki unga fuqaro murojaat etganda o‘zini tanishtirish tartibi belgilanmagan edi. Bu esa amaliyotda ayrim e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqqan holda “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida hamda o‘ziga fuqaro murojaat etgan taqdirda o‘zini tanishtirishi hamda fuqaroga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi shartligiga oid norma bilan to‘ldirilmoqda, — dedi ma’ruzachi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida Milliy gvardiya faoliyati samaradorligi ta’minlanadi. Jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash ishlari samarali tashkil etiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.01.2025
- Ko'rishlar: 50
- Chop etish