Zamon va makon tushunchasi juda qadimiy tarixga ega. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu tushunchalar zamirida mamlakat tarixi, buguni va ertasi o‘z ifodasini topgan. Yaqinda Germaniyaning 1945 yildan beri chop etiladigan “Berliner Zeitung” gazetasida e’lon qilingan siyosiy sharhlovchi, nashr Geosiyosat bo‘limi rahbari Tomas Fasbenderning siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan “O‘zbekistondan “Yangi O‘zbekiston”gacha: yo‘qotilgan qalbni izlab...” sarlavhali suhbatini o‘qish asnosida ana shu mohiyat o‘z ifodasini topganiga amin bo‘ldim.
Avvalo, ushbu fundamental muloqot O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan davlatchilik yo‘li, milliy o‘zlikning shakllanishi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy jarayonlar va “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasining mohiyati chuqur tahlil qilingani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, unda Sobiq ittifoq davridan qolgan og‘ir ijtimoiy-siyosiy meros, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat va globallashuv ta’sirida mamlakatning murakkab taraqqiyot yo‘lidan o‘tishi, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar va yangi tashabbuslar aniq hayotiy misollar yordamida ochib berilgan.
Ma’lumki, mustaqillikka erishilgach, O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda ham milliy o‘zlikni anglash, uni himoya qilish ehtiyoji yuzaga kelgan edi. Ayni vaqtda uzoq yillar hayoti amalda mustamlakachilik ta’sirida kechgan jamiyat oldida o‘z kelajagini buyuk tarixiga mos tarzda yaratish, mavjud umumiy ideologiyadan voz kechish va yangi milliy mafkurani shakllantirishdek murakkab vazifalar turgan edi.
Ustiga-ustak mustamlaka davridan qolgan asoratlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari tarixiy chegaralarining buzilgani – etnik muammolar, turli nizo va qarama-qarshiliklar manbai bo‘lib qolgani sir emas. Bundan tashqari, mintaqada haligacha turli xil tarixiy talqinlarning mavjudligi ham qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda o‘ziga xos muammolar tug‘dirardi.
Ana shunday vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan O‘zbekistonning tashqi siyosati diversifikatsiya qilindi. Umumiy tarixiy, madaniy va etnik xususiyatlar negizida mintaqaviy integratsiyaning siyosiy va iqtisodiy ahamiyatini chuqur anglagan holda, hamkorlikdagi yirik loyihalar ilgari surildi va bu jarayonda O‘zbekistonning yetakchilik rolini ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan barqaror aloqalarni tiklash bilan bog‘liq muhim qadamlar qo‘yildi.
Tashqi siyosatdagi ochiqlik va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikning kuchayishi nafaqat mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashga, balki O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda mustaqil va ta’sirchan ishtirokini kuchaytirishga ham xizmat qildi. Yangi O‘zbekiston faqat qo‘shni davlatlar bilan muloqotdagina emas, balki turli xalqaro tashkilotlarda ham o‘zining mustaqil pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan “2027 yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” (2024 yil fevral), “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” (2024 yil avgust) rezolyutsiyalari BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan ma’qullangani buning yorqin dalilidir.
Ta’kidlash lozimki, “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi nafaqat ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, balki millatning ma’naviy qiyofasi bilan ham uzviy bog‘liq, albatta. Milliy o‘zlikni tiklash, tarixiy merosni qadrlash va jamiyatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mazmuni ham buni yaqqol namoyon etmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bugun Yangi O‘zbekiston jahonda chuqur ma’naviy qayta tiklanish va milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish yo‘liga kirgan mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatdagi siyosiy islohotlar milliy o‘zlikni shakllantirish bilan bir qatorda, mintaqaviy integratsiyaga va global maydondagi sub’ektivlikka yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir. “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi milliy qadriyatlar, tarixiy meros va zamonaviy dunyoqarashni uyg‘unlashtirib, jamiyatni barqarorlik va rivojlanish sari yetaklamoqda.
Umuman olganda, muloqotda Yangi O‘zbekistonning Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida belgilab olgan yo‘lidan og‘ishmay, dadil borayotgani chuqur tahlil qilingan. Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston bugun nafaqat o‘z tarixi va madaniyatiga asoslangan milliy o‘zlikni tiklamoqda, shu bilan birga, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Yangi O‘zbekiston globallashuvning kuchayib borayotgan bosimiga qarshi, o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda, barqaror va farovon kelajak sari qadam tashlamoqda.
Asadjon XODJAEV,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori
O‘zA
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 195
- Chop etish