Navoiyda maktab o‘quvchilari dars payti sport zalga yig‘ilib, sochi olingani haqidagi xabarga Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Kun.uz nashri xabariga ko‘ra, ommaviy soch olish «tadbiri» tashabbusi maktab direktoridan chiqqan, milliy gvardiya xodimlari esa jarayonni kuzatib turgan.
Hozirda holat Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganilmoqda.
«Maktab ma’muriyati tomonidan bunday harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, bu umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining odob-ahloq qoidalariga zid. Muhimi esa, bu bolaning Konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqi hamda uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi. Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur», deb ta’kidlaydi Bolalar ombudsmani.
Hozirda bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa ta’lim muassasalarida ham yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani qayd etiladi.
Xabar.uz
- Qo'shildi: 23.02.2024
- Ko'rishlar: 1897
- Chop etish