Shved kimyogari, ixtirochi Alfred Nobel o‘z vasiyatiga ko‘ra ta’sis etgan Nobel mukofotining 2024 yilgi barcha g‘oliblari ham aniqlandi. 1901 yildan beri har yili 10 dekabr – asoschisi vafot etgan kuni Stokgolm va Osloda ushbu nufuzli mukofotni topshirish marosimida laureatlar, parlament vakillari va Qirol oilasidan tashqari butun dunyodan yuqori martabali mehmonlar ishtirok etadi. Ushbu maqolada ayni mavzuga oid ayrim qiziqarli faktlarni keltiramiz.
Ta’sis etilishi
1888 yil jurnalistlar dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning o‘limi haqida butun dunyoga xabar tarqatishdi. Vahlanki, ular adashgan – aslida Alfredning ukasi Lyudvig vafot etgandi.
“O‘lim savdogari vafot etdi” sarlavhali nekrologda aytilishicha, Alfred odamni o‘ldirishning eng ommaviy usulini topib, boyib ketgan. Bu holat millionerni vasiyatnoma tuzishga undadi. Hujjatga asosan uning butun boyligi, o‘sha payt uchun beqiyos mablag‘ hisoblangan 31 million shved kroni ishonchli bankka joylashtirilishi kerak edi. Investitsiyadan kelgan daromad har yili insoniyatga eng ko‘p foyda keltiradigan insonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bonus shaklida taqsimlaydigan fondga tegishli bo‘lishi sharti bilan bankka qo‘yildi.
Vasiyatnoma
– Mening mutlaq xohishim shuki, tanlovda fuqarolikka e’tibor berilmaydi, skandinaviyalik bo‘ladimi yoki yo‘qmi, mukofot eng munosib odamga berilishi kerak, – deb vasiyat qildi Nobel.
XIXasr oxiri Shvetsiyada millatchilik gullagan davr edi. Shu sababli Nobelning qarori ba’zi doiralar tomonidan xiyonat sifatida baholandi.
1895 yil 27 noyabr kuni Parijda yozilgan va 30 dekabr kuni tushdan keyin ochilgan vasiyatnoma Stokgolmdagi Nobel mukofoti muzeyida saqlanadi.
Sohalar
Dastlab, Alfred vasiyatiga ko‘ra, mukofot fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va tinchlik yo‘nalishlari bo‘yicha munosiblarga topshirildi.
– Mukofot fizika va kimyo bo‘yicha Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi, fiziologiya yoki tibbiyot sohasidagi ish uchun Stokgolmdagi Karolina instituti, adabiy asar mualliflariga mamlakat akademiyasi va tinchlik o‘rnatishdagi sa’y-harakat uchun Norvegiya parlamenti – Storting tomonidan saylangan besh kishidan iborat qo‘mita tomonidan topshiriladi, – deyilgan vasiyatnomada.
Oradan ko‘p yillar o‘tib, 1968 yil “Riksbank” – Shvetsiya Markaziy bankining 300 yilligi munosabati bilan Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot fani bo‘yicha ham sovrin ta’sis etildi. Alfredning avlodlari mazkur qarorni tanqidga loyiq, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Nobelning vasiyatnomasi shoshqaloqlik natijasi emas, balki puxta o‘ylangan ish bo'ladi. Zero, maktublaridagi bayonotlari uning iqtisodchilarni yoqtirmasligidan darak beradi.
Ilk sovrinlar taqdimoti
Vafotidan keyin Nobelning vasiyatini bajarish bo‘yicha uzoq jarayon boshlandi va 1901 yil birinchi marta sovrinlar o‘z egalariga berildi.
Nufuzli mukofot laureatlari nemis bakteriologi, difteriyaga qarshi zardob yaratuvchisi Emil Adolf fon Bering, radiatsiyani kashf etgan nemis fizigi Vilgelm Konrad Rentgen, golland kimyogari, stereokimyo va kimyoviy kinetika fani asoschilardan biri Yakob Xendrik Van’-Goff, farang shoiri va essenavisi Syulli-Pryudom, shuningdek fransuz tinchlikparvari Frederik Passi va shveysariyalik tadbirkor Jan Anri Dyunan valiahd shahzoda Gustav V qo‘lidan mukofot olishdi.
“Nobelsiz” yillar
1901-2024 yillar oralig‘ida mukofot 627 marta 1012 kishi va tashkilotga berilgan. G‘oliblar aniqlanmagan yillar ham bor. Tarixda 49 marta shunday holat bo‘lganki, aksariyati Birinchi jahon urushi (1914-1918) va Ikkinchi jahon urushi (1939-1945) yillariga to‘g‘ri keladi.
Nobel jamg‘armasi nizomida shunday satrlar ham bor:
– Agar ko‘rib chiqilayotgan asarlarning hech biri, birinchi bandga muvofiq, yetarli ahamiyatga ega, deb hisoblanmasa, mukofot miqdori keyingi yilgacha saqlanib qoladi. Pulni berish imkoni bo‘lmasa, mablag‘ jamg‘arma zaxirasiga qo‘shiladi.
Rad etish
Fransuz yozuvchisi va faylasufi Jan-Pol Sartr 1964 yil adabiyot bo‘yicha g‘alabaga loyiq ko‘rilgan, biroq mukofotni rad etgan. U o‘z erkinligini qadrlashi va qoida tariqasida rasmiy sovrinlarni qabul qilmasligini bildirdi. Vaholanki, Shvetsiya akademiyasi a’zosi Lars Gillensten “Xotiralar, faqat xotiralar” nomli memuar asarida Sartr mukofot pulini olish uchun bir necha yildan keyin ariza bergani, ammo kech bo‘lganini ta’kidlaydi.
Mukofotdan voz kechgan yana bir laureat 1968-1973 yillari Parij tinchlik muzokarasida Shimoliy Vetnam delegatsiyasini boshqargan siyosatchi Le Dik Txo edi. Parij tinchlik bitimidan so‘ng uning nomzodi AQSH bosh muzokarachisi Genri Kissinjer bilan birga 1973 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun ilgari surildi. Le Dik Txo esa hali Janubiy Vetnamda tinchlikka erishilmagani va shuning uchun ham mukofotni qabul qila olmasligini aytgan.
Eng yosh va eng keksa laureatlar
Nufuzli mukofotning eng yosh sohibi pokistonlik huquq himoyachisi Malala Yusufzaydir. 16 yoshga to‘lgan kunida u Birlashgan Millatlar Tashkilotida nutq so‘zlab, butun dunyo bo‘ylab qizlarning ta’lim olish huquqini ta’minlashga chaqirdi va shu jarayon ramziga aylandi va 2014 yil 17 yoshida tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib chiqdi.
Eng keksa sovrindor, amerikalik olim Jon Gudenaf 2019 yil kimyo bo‘yicha 97 yoshida mobil telefon va elektromobilda qo‘llanadigan litiy-ionli akkumulyator yaratgani uchun taqdirlangan.
Chiroqlar festivali
An’anaga ko‘ra, har yili 2 dekabrda “Chiroqlar festivali” bilan boshlanadigan Nobel haftaligi nishonlanadi. Stokgolm markazida mahalliy va xalqaro rassomlar, dizaynerlar tomonidan yaratilgan yengil san’at namunalarini tomosha qilish mumkin.
Fonus yog‘dusi shaharning asosiy me’moriy obidalarini yoritib turadi. Bu Nobel mukofoti sovrindorlari va ularning insoniyat manfaati yo‘lidagi sa’y-harakatiga ehtirom begisidir. Haftalik 10 dekabr kuni mukofotni topshirish marosimiga qadar davom etadi.
Taqdirlash marosimi va ziyofat
Ikki mingga yaqin mehmon ishtirok etadigan taqdirlash marosimi har yili 10 dekabr – Alfred Nobel vafot etgan kuni Stokgolm konsert zalida bo‘lib o‘tadi. Besh nominatsiya bo‘yicha laureatlar Shvetsiya poytaxtiga Qirolning qo‘lidan diplom, oltin medal va 1 million dollar pul mukofotini olish uchun dunyoning turli burchaklaridan keladi.
Marosimdan so‘ng mehmonlar Stokgolm meriyasi Moviy zalida ajoyib ziyofatdan bahramand bo‘ladi. Har yili uch xil namunali taom tayyorlanadi va tatib ko‘riladi. Faqat taomlar nomi ziyofatgacha sir saqlanadi. Stollar San-Remodan keltiriladigan 10 ming dona gul va 5 ming yashil barg bilan bezatiladi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 1122
- Chop etish