Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda inson huquqlari va erkinliklaridan foydalanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanishga, saylash va saylanishga, referendumda ishtirok etishga, shuningdek, foydalanish imkoniyati bo‘lgan multimedia vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yordamida ta’lim olish huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya asosida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun foydalanish imkoniyati bo‘lgan muloqot shakllarini, shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ularga bemalol kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Fraksiya a’zolari partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 23.04.2024
- Ko'rishlar: 2011
- Chop etish