Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
— Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi deputat Madina Baratova. — Ushbu qonun loyihasi bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, multimedia vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yordamida ta’lim olish huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan muloqot shakllarini, shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ushbu toifadagi shaxslarga to‘siqsiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida qo‘mitamiz tomonidan ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazildi.
Muhokamalarda berilgan har bir taklif va tavsiyalar tahlil qilinib, ularning aksariyati qonun loyihasi matnida aks ettirildi. Xususan, loyihaning mazmun-mohiyati va ahamiyatidan kelib chiqib, uning nomi hamda muqaddima qismiga tahririy tuzatishlar kiritildi.
Moddama-modda muhokamalarda deputatlar ayrim norma va tushunchalar bo‘yicha savol va takliflarni o‘rtaga tashladi va mas’ullardan tegishli javoblar olindi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladigan mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 23.04.2024
- Ko'rishlar: 1773
- Chop etish