Huquqiy munosabat
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu haqda batafsil tushuntirish berdi:
– Mehnat kodeksining 143-moddasida nogironligi bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari belgilangan. Ish beruvchi bo‘sh (vakant) ish o‘rni bor bo‘lganda, nogironligi bo‘lgan xodimning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra, qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa, tibbiy xulosaga muvofiq yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siri bo‘lmagan ishga uning roziligi bilan o‘tkazishi shart.
Ya’ni, xodim qandaydir sabab bilan nogiron bo‘lib qolganda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi. Balki, uning sog‘ligiga ko‘ra rahbar yengilroq ish taklif etishi lozim.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, quyidagi hollarda ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin. Jumladan, xodim taklif etilgan yengilroq boshqa ishga o‘tishni rad etgan taqdirda va ish beruvchida xodim sog‘lig‘i holatiga ko‘ra, qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ish mavjud bo‘lmasa.
Bunday hollarda xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinsa, kafolatli to‘lovlar amalga oshiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1244
- Chop etish