AQSHning Nyu-York shahrida seshanbadan boshlab migrantlar keladigan to‘rtta markazda komendantlik soati joriy qilinadi. Ushbu qarorga mahalliy aholi tomonidan migrantlar shaharda uyma-uy yurib tilanchilik qilayotganidan shikoyat tushgandan keyin kelindi, deyiladi “The New York Post” gazetasi tarqatgan xabarda. Endi shaharga keluvchilar soat 23:00 dan 6:00 gacha tunni o‘tkazadigan maxsus yotoqxonalarda qolishadi.
Mazkur muammo Texas gubernatori Greg Ebbott 2022 yildan boshlab Meksikadan AQSH hududiga kirib kelgan migrantlarni turli joylarga, jumladan, Nyu-York shahriga jo‘nata boshlagandan keyin shahar ma’muriyatini xavotirga sola boshlagan edi. Hatto qoq tunda ham Nyu-York markazi bo‘lgan Manxettenda bekorchi migrantlar to‘da-to‘da bo‘lib yurganini ko‘rish mumkin.
Hozircha komendantlik soati shahardagi to‘rtta migrantlar markaziga tegishli. Ularning ikkitasi Kvins tumanida, bittasi Bruklin va yana biri Manxettenda joylashgan.
Ebbott va boshqa qator gubernatorlar anchadan buyon prezident Jo Bayden ma’muriyatining migratsion siyosatni juda yumshoq olib borayotganidan noroziligini bildirib kelmoqda.
O‘zA
- Qo'shildi: 17.01.2024
- Ko'rishlar: 2797
- Chop etish