O'tgan yil mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida yangiliklarga boy yil bo'ldi. 2019 yil 7 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida” qarori qabul qilingani bu fikrning yana bir tasdig'idir.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi tasarrufidagi Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyati axborot-kutubxona markazida bo'lib o'tgan ijodiy uchrashuvda sohada o'tgan davrda erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va ularga yechim topish yo'llari muhokama qilindi.
Muloqot Markazning «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiyasi doirasida tashkil etildi.
Harakatlar strategiyasida ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning hozirgi bosqichida axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishning maqsadi va vazifalari belgilab berilgan. Bugungi kunda shu asosda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va zamonaviy umumjahon tendentsiyalarni hisobga olgan holda, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko'rsatish bo'yicha ijtimoiy kafolatlarni sifatli ta'minlashga doir zamonaviy talablardan kelib chiqib, axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirishga qaratilgan me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko'rsatishni barqaror rivojlantirishga ko'maklashish yangi bosqichga ko'tarildi. Axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda.
Joylarda kutubxonalar uchun yangi bino va inshootlar qurilmoqda, mavjud binolar rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy uskunalar bilan ta'minlanmoqda. Kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmog'ini rivojlantirish yo'lga qo'yilmoqda.
Kutubxonalar faoliyatining samaradorligi va foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatish, shu jumladan, pulli xizmat ko'rsatish tezkorligini oshirish uchun elektron kitoblarni tarqatish, internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Axborot-kutubxona muassasalari xavfsizligini hamda milliy va jahon madaniy merosining bir qismi sifatida axborot-kutubxona fondlari saqlanishini ta'minlash doimiy e'tiborda turibdi.
Jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatga qiziqishni kuchaytirish, o'qish madaniyatini oshirish va targ'ib qilishda kutubxonalarning ahamiyati beqiyosdir. Shu ma'noda, sohaning boshqa muammolari qatorida axborot-kutubxona muassasalarini malakali mutaxassislar bilan ta'minlash ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Viloyat markaziy kutubxonasi qoshida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilinib, Markaz tomonidan beg'araz asosda 100 ta kitob taqdim etildi. Shuningdek, akademik A.Saidovning yangi ilmiy-ijodiy asarlari sovg'a qilindi.
– Kutubxonamiz fondida 400 mingga yaqin adabiyotlar iborat, – dedi Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Klara Do'syorova. – Ushbu ma'rifiy jamg'armamiz 2020 yil boshidan yangi nashrlar bilan yanada boyitildi. Bunda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining qo'shgan hissasi uchun minnatdormiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.01.2020
- Ko'rishlar: 4828
- Chop etish