Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 4 yanvar` kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani 11-sonli maktab rahbariyati va o'qituvchilar jamoasi bilan uchrashdi.
Ushbu maktabning “Xalq ta'limi tizimida ta'lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlar amalga oshirishga yo'naltirilgan davlat ixtisoslashgan maxsus umumta'lim tayanch maktabi” deb nomlanishi bejiz emas. Bu ta'lim maskanida turli fan sohalari bo'yicha ko'plab iqtidorli bolalar tahsil oladi. Ularning orasida milliy fan olimpiadalari va xalqaro musobaqalarda qatnashib, sovrinli o'rinlarni egallagan o'quvchilar anchagina.
Uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarida bilimli bolalarni aniqlab, chuqurlashtirilgan tarzda o'qitish, talab yuqori bo'lgan sohalarga yo'naltirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilayotgani muhim ahamiyatga egaligi haqida so'z bordi. Bu, shubhasiz, keyingi uch yilda mamlakatimizda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida boshlangan mislsiz islohotlarning o'ziga xos samaralaridandir.
Avvalo, maktabgacha ta'lim tizimi rivojlantirilib, poydevor mustahkamlandi. O'quv dargohlariga, pedagoglarga e'tibor kuchaydi. Oliy ta'lim sohasida ham katta
o'zgarishlar bo'ldi. Bu tizimlarni 2030 yilgacha rivojlantirish bo'yicha kontseptsiyalar ishlab chiqildi.
Prezidentimiz 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda mamlakatimizda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli o'tkazilgani haqida to'xtalib, ushbu tajriba asosida fizika bo'yicha Ahmad Farg'oniy, kimyo fani bo'yicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya bo'yicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya bo'yicha Mirzo Ulug'bek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Binobarin, davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, yoshlarimizni shunday bilimli mutaxassislar etib tarbiyalasak, oilasiga, davlatga nafi tegadi. Hamma ishlarimiz, islohotlarimiz O'zbekistonning ertangi kuni uchun. Kelajagimiz zamini esa – yoshlardir.
Markazning «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiyasi doirasida Kasbi tumanidagi 11-sonli maktabda o'tkazilgan muloqot yakunida mazkur ta'lim maskani qoshida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilindi.
Markaz tomonidan kutubxonaga beg'araz asosda 100 ta kitob taqdim etildi. Shuningdek, akademik A.Saidovning yangi ilmiy-ijodiy asarlari sovg'a qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.01.2020
- Ko'rishlar: 4781
- Chop etish