8 oktabr kuni Toshkentda “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili hamkorligida tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyani tashkil etishdan maqsad harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish borasidagi milliy va xorijiy tajribani o‘rganishdir. Davlat rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi hamda joriy yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu borada belgilab berilgan vazifalar alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ta’kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir bo‘lganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboev xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakat Prezidentining joriy yil 26 iyundagi qarori ijrosi doirasida Markaz tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual va Fuqarolik kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, avvalambor, Jinoyat protsessual kodeksning 275-moddasi qiynoqqa solish jinoyati natijasida jabrlanuvchiga yetkazilgan mulkiy va ma’naviy ziyonni qoplash to‘g‘risidagi da’volar jinoyat protsessida ko‘rilishi mumkinligini belgilovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 991-moddasiga qiynoqqa solish jinoyati natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanishini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda. Mazkur kodeksning 1021-moddasidagi ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish jinoyati natijasida yetkazilgan zararni ham kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasini qabul qilish zarurati nimada degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu bilan, birinchi navbatda, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasining davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha bergan tavsiyalari ijrosi ta’minlanishini qayd etish lozim. Shuningdek, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish ko‘plab xorijiy davlatlarning qonunchiligida ham yangi amaliyot bo‘lib, bu mamlakatning xalqaro imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilib, milliy qonunchilikda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarning kompensatsiya to‘lovlarini olishi huquqini belgilash majburiyatini olgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabarida qayd etilganidek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring nafaqat jazoni ijro etish muassasalariga, balki 200 dan ortiq yopiq muassasa, jumladan, ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, narkologik dispanserlar, reabilitatsiya markazlari, “Mehribonlik”, “Muruvat” va “Saxovat” uylari hamda boshqa qator muassasalarga borish orqali amalga oshiriladi.
Milliy preventiv mexanizm (MPM) dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa qator davlatlarda joriy etilgan.
Xalqaro konferensiya o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Munozaralar asnosida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning samaradorligini oshirish, unda fuqarolik jamiyati vakillarining tutgan o‘rni, milliy preventiv mexanizmni joriy etish borasidagi xorijiy va Markaziy Osiyo davlatlari tajribasiga oid ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.10.2021
- Ko'rishlar: 4265
- Chop etish