Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda fraksiya a’zolari tomonidan “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga odam savdosi jinoyatini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi, shuningdek, muqaddam odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan shaxslar tomonidan odam savdosi jinoyatining sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda.
Yig‘ilishda deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, loyihaning naqadar muhimligini, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlab, uni ma’qulladilar.
M. Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 1057
- Chop etish