Huquqiy munosabat
Ma’lumki, yurtimizda har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir. Xususan, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida keltirib o‘tilgan.
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov batafsil so‘z yuritdi.
–O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59- 2-moddasiga asosan xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulki va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda, ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish kabi jinoyat alomatlari bo‘lmasa, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari uchramasa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, ya’ni 3 million 400 ming so‘mdan 6 million 800 ming so‘mgacha jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish yuz bergan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, ya’ni 3 million 400 ming so‘mdan 6 million 800 ming so‘mmgacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 10.05.2024
- Ko'rishlar: 1812
- Chop etish