2024-yil 1-yanvardan Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Qonunchilikka kiritilgan yangi me’yorlar amalda qanday ishlamoqda?
Bu savolga Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov javob berdi:
– Protsessual qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar, avvalo, sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirdi. Ya’ni, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada kengroq himoya qilish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tizimi fuqarolarning sudga murojaat qilish bilan bog‘liq ovoragarchiliklarning oldini olishga zamin yaratdi.
Yagona sud amaliyotini shakllantirish, ishlarning sifatli hamda o‘z vaqtida ko‘rilishi orqali bir tomondan, odil sudlov amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, inson huquqlarining ishonchli himoyasi ta’minlanmoqda.
Sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibiga ko‘ra, birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish; apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni ushbu sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish; taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida, sudlov hay’atlari tomonidan ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibi bekor qilinib, ularga yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati yuklatildi.
Qonunchilikdagi yangiliklardan keyin joriy yil 25-mart kuni Oliy sud plenumining “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda fuqarolik ishini apellyatsiya, kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqishda sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjati ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlash ko‘zda tutilgan.
Plenum qarori 50 banddan iborat bo‘lib, uni ishlab chiqishdan maqsad – sudlar tomonidan protsessual qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashdan iborat.
Hujjatda apellyatsiya, kassatsiya tartibida sud qarorlarini qayta ko‘rishda kelib chiqadigan ayrim protsessual masalalar bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi. Xususan, unda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida ish yuritishning asoslari keltirildi.
Protsessual qonunda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati belgilangan bo‘lib, shikoyat berish huquqi ushbu shaxslarning huquqiy vorislariga ham o‘tishi qayd etilgan.
Bunday huquq voyaga yetmagan, vasiy va homiyga ega bo‘lgan shaxslarning qonuniy vakillariga ham berilgan. Shikoyat beruvchi shaxsning vakiliga notarial tasdiqlangan tarzda berilgan ishonchnomada esa, shikoyat berish va uni imzolash kabi vakolatlar maxsus ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Plenum qarorida shikoyat keltirilmaydigan sud hujjatlari, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ni berish tartibi, muddatlari, ushbu muddatlarni hisoblash, tiklash, sud xarajatlariga doir masalalar yuzasidan ham tushuntirish berildi.
Shikoyat (protest)ni qabul qilish masalasini hal etish, sud hujjatlari ijrosini to‘xtatish, ishni birinchi instansiya qoidalari bo‘yicha ko‘rish, dalillarni tekshirish, shikoyat (protest) vajlariga huquqiy baho berish kabi boshqa bir qator masalalar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.
2024-yil 1-yanvarga qadar amalda bo‘lgan fuqarolik protsessual qonunchiligiga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati (protesti)ni qabul qilish masalasi ishni ko‘rgan sud tomonidan amalga oshirib kelingan. Endilikda bu vakolat viloyat va unga tenglashtirilgan apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasiga berildi.
Plenum qarorida sud hujjatini qabul qilgan sud berilgan shikoyat (protest)ni protsessual qonunning biron-bir talablariga mos emasligi asosi bilan qaytarish masalasini hal qilishga haqli emasligi tushuntirilgan.
Ma’lumki, protsessual qonunda apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti)ni berish muddatlari bir va olti oy deb belgilangan. Ushbu muddatlarni tiklashni apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi yakka tartibda hal qiladi.
Qonun hujjatlarida bu muddatlarni tiklash uchun asoslar, sabablar va omillar keltirilmaganligi bois bir xil sud amaliyotini yaratish qiyin kechayotgan edi. Shuning uchun qarorda shikoyat bilan murojaat qilish muddatini tiklash masalasini hal qilishda bunga to‘sqinlik qilgan obyektiv holatlarga qanday omillar kirishi, xususan, jismoniy shaxslarning kasalligi, oilaviy ahvoli va boshqa holatlar uzrli sabablar hisoblanishi tushuntirilib, sudyaning muddatni tiklash haqidagi xulosalari shikoyat (protest)ni qabul qilish, qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimlarda asoslantirilishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan shikoyat (protest) berish muddatlarini tiklash uchun uch oy qat’iy hisoblanishi qayd etilgan. Ushbu uch oylik muddat o‘tgandan so‘ng berilgan shikoyat (protest) bo‘yicha protsessual muddat tiklanmaydi.
Oliy sud plenumi qarori fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishga qaratilgan yuqoridagi kabi qoidalarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Yangi hujjat sudlarning protsessual qonunni to‘g‘ri qo‘llashi uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 24.04.2024
- Ko'rishlar: 1881
- Chop etish