Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan 2024 yil o‘n oyida amalga oshirilgan ishlar xususida Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lumot berdi:
– Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 774 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2023 yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 468 tani tashkil etgan.
Monitoring tashriflari davomida 9,5 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 4 ming 321 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.
Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
Monitoring tashriflari natijasida tegishli vazirlik va idoralarga 16 talabnoma, 10 taqdimnoma, 13 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborot kiritildi. Parlamentga 6 ta tahliliy ma’lumot taqdim etildi.
Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi.
Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialidagi oshxona to‘liq ta’mirlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida joylashgan 2 - sonli respublika va ruhiy asab kasalliklari dispanseri binosi va xonalari ta’mirlanib, bemorlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun xonalar hamda maxsus psixoterapiya muolajalarini o‘tkazish kabinetlari tashkil etildi. Shuningdek, bemorlarning ovqatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, mas’ul idoralar tomonidan Jizzax shahar hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari kapital, Samarqand viloyatidagisi joriy ta’mirlandi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurildi.
Buxorodagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasining 12 -binosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va mahkumlar saqlanadigan kameralardagi sharoitlar yaxshilandi.
Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 56 nafar xodimga hayfsan berildi. 2 nafar xodim jarimaga tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakil va “Hunarmand” uyushmasining Namangan viloyati boshqarmasi bilan birgalikda mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. O‘tgan davrda 180 nafardan ortiq mahkum kasbga o‘rgatilib, ularga sertifikatlar berildi.
Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 2 ming 232 murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilishi natijasida 32 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 18 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi. 7 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirishda yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 8 nafariga amaldagi intizomiy ta’sir chorasini muddatidan avval rag‘batlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. 4 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazildi.
Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 12 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishi va 5 nafar mahkumning oila a’zolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida moddiy yordam ajratilishiga ko‘maklashildi.
Ombudsman nomiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan 158 shikoyat kelib tushdi.
Shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 52 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi. 62 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan. 3 ta holatda xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 366
- Chop etish