Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari belgilanyapti, – dedi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Sh.Bafayev. – Shuningdek, Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruza Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Davlat organlari shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalariga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining muhimligini ta’kidlab, kiritilayotgan yangi normalar Ombudsman faoliyatini yanada takomillashtirishga, uning inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni amalga oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Yig‘ilishda shuningdek, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi va boshqa qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.07.2024
- Ko'rishlar: 1233
- Chop etish