Telegram, Instagram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda turli onlayn do‘konlar reklamasiga ko‘zingiz tushadi. Marketing qoidalarini qay darajada o‘zlashtirgan bilmadigu, reklamani qoyillatib qo‘yishadi. Ko‘pchilik blogerlar ham turli onlayn do‘konlar reklamasiga berilib ketgan.
Biroq, onlayn do‘konlardan kiyim-kechak, parfyumeriya mahsulotlari xarid qilib, aldanib qolayotganlar ko‘p uchramoqda.
Bir qarashda bu muammolarni kichik masala deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin, qiynalib topgan pulingizga olgan mahsulotingiz sifatsiz chiqsa, kimdir sizni “chuv” tushirsa, yomon holatga tushishingiz aniq.
Deylik, internet do‘konlari buyurtmangizni yetkazib beradi, qarasangiz siz tanlagan emas, butunlay boshqa mahsulot. Ularga aloqaga chiqib, mahsulotni almashtiraman desangiz, sizni “qora ro‘yxatga” solib qo‘yadi. Natijada ularga aloqaga ham chiqa olmaysiz. Eng alam qiladigani onlayn do‘konning manzil-makonini ham topa olmaysiz.
Shu o‘rinda aytish joiz, ayrim onlayn savdo egalari ishi hiylaga aylanib ketayotganini kuzatamiz. Sodda odamlarni avrab, yolg‘on reklamalariga ishontirib topgan pullarida baraka bo‘lmasligini o‘zlari tushunarmikan!? Bozordami, ko‘chadami, internetdami savdogar avvalo xaridorni rozi qilish kerak.
To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas. Onlayn savdo bilan shug‘ullanib, xaridorni rozi qilayotganlar ham bor. Tadbirkorlikning barcha turlaridagi kabi elektron bozorda ham har xil insonlar faoliyat yuritadi va bu yerda ham kimnidir aldab, yolg‘oniga ishontirib pul topishni kasb qilib olgan kimsalarni topish mumkin. Bugun har ikki insonning biri onlayn savdoda muammoga duch kelgani haqida gapirishi mumkin. Balki onlayn xaridlarni amalga oshirish uchun bilim va tajribalarimiz kamlik qilayotgani ham aldanib qolishimizga sabab bo‘layotgandir.
Yuqoridagi kabi “chuv” tushib qolishni istamagan, ko‘pchilik opa-singillarimiz bozor kezib, narx-navoni surishtirib, mahsulotni yaxshilab ko‘zdan kechirib sotib olishni ma’qul ko‘rishadi.
Agar onlayn sotib olgan mahsulot sifatsiz chiqsa, sotuvchi tovarni sifatlisiga almashtirib bermasa, bu vaziyatda xaridorning bir qancha huquqlari buzilgan hisoblanadi. Bunga qonunchiligimizda qator choralar mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksining 408-moddasiga ko‘ra agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan ma’lum qilinmagan bo‘lsa, tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.
Tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli bo‘lmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sotgan shaxs uni tayyorlagan bo‘lmasa, tovarni almashtirish yoki uning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish haqidagi talablar sotuvchiga yoki tovarni tayyorlovchiga qo‘yilishi mumkin.
Mazkur kodeksning 434-moddasiga binoan sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra, xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni, xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni, tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini, xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni, ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar uchun to‘langan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtida sotuvchi undan tovardan to‘liq yoki qisman foydalangani, tovar ko‘rinishi yo‘qolgani yoki boshqa shunga o‘xshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan bo‘lsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.
Demak, bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga shikoyat qilishingiz yoki fuqarolik sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilib, ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnomani bekor qilishni talab qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tish joiz, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida Internet do‘kon ochganda axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini ko‘zda tutadigan elektron tijorat ishtirokchisiga aylanadi. Elektron tijorat shaklida amalga oshiriladigan ulgurji va chakana savdo “Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida” nizom va O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tartibga solinadi.
Yana bir ma’lumot, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan taqdirda iste’molchilarning huquqlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa, nazorat-o‘lchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart, deyilgan.
Iste’molchi sifatida har birimiz onlayn savdoda qandaydir muammolarga duch kelganmiz va kelmoqdamiz. Kimdir buyurtma bergan mahsuloti sifatsiz chiqqanidan norozi bo‘lsa, kimdir uzoq muddat kutib qolganidan, yana kimdir juda qimmatga xarid qilib qo‘yganidan afsuslanadi.
Davlat rivoji uchun internet magazinlari ham muhim hisoblanar ekan, ularning faoliyatida qonuniylik mezonlarini kuchaytirish kerak. Eng asosiysi, bugun har birimizda biror mahsulot xarid qilayotganda tanlov imkoniyati bor. Kimdir an’anaviy savdo (bozorlar, do‘konlar) orqali yoki internet do‘konlaridan xarid qilish tanlovi bor. Eng muhimi, doimo olayotgan mahsulot sifatiga e’tibor qaratish talab etiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA
- Qo'shildi: 11.03.2024
- Ko'rishlar: 2711
- Chop etish