Ozarbayjonda “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasida ozarbayjonlik ijodkorlar – yozuvchi va shoir, “O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan” she’ri bilan tanilgan Akif Bag‘irov hamda adabiyotshunos olim Yashar Qosim tomonidan tayyorlangan “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur asar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi, taniqli siyosatshunos, senator Qudratilla Rafiqovning “Mening Prezidentim” va “Millatparvar” asarlari asosida tayyorlangan.

Ozarbayjon parlamenti vakillari, taniqli ijodkorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda yurtimiz delegatsiyasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda xalqlarimizning bir-biriga yaqinligi, o‘zaro do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.

– “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” kitobini tayyorlashga katta mas’uliyat bilan yondashdik, – deydi tarjimon Yashar Qosim. – Bu jarayonda ko‘pchilik bilan maslahatlashdik, fikr almashdik. Muallif Qudratilla Rafiqovning tili va uslubi o‘ziga xos. Tarjima jarayonida shu jihatlarni anglash, saqlash, buning uchun ozar tilida chiroyli jaranglaydigan so‘zlarni topish va qo‘llashga harakat qildik. Mazkur kitob o‘quvchilarga Yangi O‘zbekistonni yanada yaqindan bilish, buyuk islohotlar asoschisi va bunyodkorining shaxsi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vatan va Millat istiqboli, shoni uchun amalga oshirayotgan ishlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.

Taqdimotni Ozarbayjon Matbuot kengashi raisi Rashad Mejid olib bordi. Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor Rizoyev, O‘zbekiston Respublikasining ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, shuningdek mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan o‘rin olgan bir guruh ijodkorlar – jurnalist, yozuvchi va shoirlar keng jamoatchilik katta qiziqish bilan qarshi olgan asarning mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritdi.

Qayd etilishicha, Q.Rafiqovning “Mening Prezidentim” va “Millatparvar” asarlaridan saralanib, mahorat bilan ozarbayjon tiliga o‘girilgan ushbu kitob millat Sardori, vatanparvar inson – Shavkat Mirziyoyevning shaxsi, siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan. Publitsistik esselardan iborat nashrda davlatimiz rahbari boshchiligida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar, jumladan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar yoritilgan. Yangi O‘zbekiston bunyodkori islohotlariga e’tiborsiz bo‘lmagan har qanday inson uchun zarur ma’lumot va tahlillar jamlangan.

Tadbir ishtirokchilari Ozarbayjon Milliy kutubxonasida tashkil etilgan “O‘zbekiston burchagi”dan o‘rin olgan adabiyotlar bilan ham tanishdilar.

Xolmurod Salimov,

jurnalist

Ozarbayjon, Boku shahri

Powered by GSpeech