O‘zaro ishonch va manfaatli aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan faol va pragmatik tashqi siyosat bugungi kunda mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini mustahkamlab, xalqaro jarayonlarda o‘z so‘ziga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.  

Aytish mumkinki, O‘zbekistonning nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) kabilar bilan ko‘p tomonlama diplomatiyasi hamda xalqaro xavfsizlik va mintaqaviy rivojlanishning dolzarb muammolarini hal etish borasidagi tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu jarayonda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning 4 iyul kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va «SHHT plyus» formatidagi uchrashuv doirasida ham tashkilotning o‘tgan vaqt davomidagi faoliyati tahlil qilindi, tashkilotga a’zo mamlakatlar taraqqiyotini yuksaltirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, davlatimiz rahbari o‘z nutqida ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda tashkil etilganligini ta’kidlab, hozirda dunyo sahnasida yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘layotgani, global va mintaqaviy xavfsizlikka xavf va tahdidlar kuchayib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Oqibatda xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillari tez-tez buzilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud vositalar afsuski, o‘zining samaradorligini yo‘qotib bormoqda.

Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligini saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhim holat sanaladi. Kelgusida ham «Shanxay ruhi»ning mustahkam zamini bo‘lgan tamoyillar – o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining o‘zgarmasligi va tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi hamda suverenitetini hurmat qilishga rioya etish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Shanxay ruhi»ni mustahkamlash, «SHHT oilasi» jipsligini kuchaytirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi sanalgan SHHTning «Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi»ni qabul qilish, iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha strategik yuksalishga erishish maqsadida SHHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish, savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish taklif qilindi.  

Ushbu jarayonda transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlash taklif etildi.

Sir emaski, tashkilotga a’zo mamlakatlar taraqqiyotida iqtisodiy hamkorlik aloqalarining o‘rni yuqori. Shu bois sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab, SHHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirildi.

Yana bir muhim tashabbus, bu – «Sharq-G‘arb» va «Shimol-Janub» yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirishdir. Boisi bugungi o‘zgaruvchan dunyoda transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi, bu – butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim kafolati sanaladi.  Bunda esa, albatta, zamon talabidan kelib chiqqan holda logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etish muhim.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan SHHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, «sun’iy intellekt»ni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish, ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida SHHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish kabi tashabbuslar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari taklif etildi.

Ishonchimiz komilki, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va «SHHT plyus» formatidagi uchrashuv doirasida erishilgan natijalar tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yo‘lida muhim qadam sifatida tarixga muhrlanadi. Bu esa nafaqat tashkilotga a’zo mamlakatlar, shu bilan birga, ushbu davlatlar joylashgan mintaqalar taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA

Powered by GSpeech