“Gender Data Compass” reytingida O‘zbekiston 37 ball to‘plab dunyoda 56-o‘rinni egalladi. Reytingni tuzuvchi Open Data Watch tashkiloti O‘zbekistonga gender ma’lumotlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va ularni ko‘proq ochiq formatda e’lon qilishni tavsiya etdi.
Open Data Watch xalqaro notijorat tashkiloti gender ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati va ochiqlik darajasini baholaydigan “Gender Data Compass” reytingi natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston 37 ball bilan 183 davlat orasidan 56-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 3-o‘rinni egalladi.
Qozog‘iston global reytingda yuqori natija bilan 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qirg‘iziston 45-pog‘onani band etgan. Yuqori uchlikni BAA, Koreya Respublikasi va Daniya band etgan.
Bu reytingda mamlakatlar 5 ta mezon bo‘yicha baholanadi: ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati, ochiqlik, asoslar, imkoniyatlar va moliyalashtirish.
O‘zbekiston ushbu 5 jihatdan moliyalashtirish yo‘nalishida eng past ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Tashkilot izohiga ko‘ra, gender ma’lumotlari tizimlarining barqarorligi uchun ichki va tashqi manbalardan yetarli mablag‘ ajratish juda muhim. Investitsiyalar gender tengligini ta’minlash uchun kerak, chunki ular zaruriy gender ma’lumotlarini to‘plash, tahlil qilish, tarqatish va foydalanish imkonini beradi.
Tashkilot O‘zbekistonga gender ma’lumotlari reytingini yaxshilash uchun tavsiyalar berdi. Birinchisi – bo‘shliqlarini to‘ldirish uchun ko‘proq gender ma’lumotlarini nashr etish.
“Gender ma’lumotlari kompasida (GDC) baholangan 53 ta ko‘rsatkichdan 10 tasi hech qanday davlat veb-sayti yoki portalida e’lon qilinmagan. Bundan tashqari, nashr etilgan 14 ta statistika jins bo‘yicha ajratilmagan. Genderga taalluqli, jinsga qarab ajratilgan ma’lumotlar gender tengsizligini bartaraf etish, erkaklar va ayollar hayotini yaxshilaydigan dalillarga asoslangan gender siyosatini qo‘llab-quvvatlash uchun kalit hisoblanadi”, – deyiladi tashkilot sharhida.
Ikkinchi tavsiya esa ko‘proq gender ma’lumotlarini ochiq formatlarda nashr etishga oid.
Izohlanishicha, O‘zbekistonda gender ma’lumotlari kompasida baholangan 8 ta ma’lumotlar to‘plamidan kamida bittasi ochiq formatda nashr etilmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda gender statistikasini yuritish bo‘yicha Statistika agentligi vakolatli organ hisoblanadi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, tashkilot tomonidan gender.stat.uz saytining barcha bo‘limlarida bugungi kunda 180 dan ziyod gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlar 3 ta tilda, 5 xil formatda joylashtirib borilyapti.
Kun.uz
- Qo'shildi: 07.02.2024
- Ko'rishlar: 1997
- Chop etish