Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Jahon yetakchilari sammitida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyat uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi.
Iqlimshunoslar fikricha, Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha global ko‘rsatkichdan ko‘ra tez sur’atda ko‘tarilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki so‘nggi 50-60 yil ichida mintaqadagi muzliklar erishi 30 foizni tashkil etgan. Masalan, Qozog‘iston so‘nggi 60 yilda tog‘ muzining 45, Qirg‘iziston esa so‘nggi yetmish yilda 16 foizini yo‘qotgan. Tojikistonda ham muz kamaymoqda. Tojik olimlari bu holatni oxirgi 70 yilda havo harorati 15 foiz ko‘tarilishi bilan izohlamoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotida Markaziy Osiyoning “issiqlik” darajasi global ko‘rsatkichdan 2 barobar yuqori ekani ta’kidlangan. So‘nggi 30 yilda havo Selsiy bo‘yicha butun dunyoda o‘rtacha 0,7 daraja, mintaqada esa 1,5 darajaga isigan. 2085 yilga kelib, harorat 2,0-5,7 daraja ko‘tarilishi kutilyapti.
Ayni omillardan kelib chiqib, Prezidentimiz O‘zbekistonning Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasida havo harorati o‘sishini asr so‘ngiga qadar 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston 2017 yil Parij kelishuviga qo‘shilgan va shundan buyon ayni yo‘nalishda muhim chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Davlatimiz rahbari mintaqa markazidagi mamlakat sifatida respublikamiz amalga oshirayotgan ishlar, istiqboldagi rejalarga to‘xtaldi. Jumladan, mintaqaviy iqlim strategiyasi ishlab chiqilgani va hayotga tatbiq qilinayotganini qayd etdi.
Oxirgi 25 yil Markaziy Osiyo global isish ta’sirida yuzaga kelgan turli tabiiy ofatlar (suv toshqini, qurg‘oqchilik, ko‘chki, issiqlik to‘lqini)dan ko‘rgan zarar 2 milliard 204 million dollarni tashkil etdi. Jahon banki ma’lumotida zilzila, ko‘chki, toshqin, sel, qurg‘oqchilik, qor ko‘chkisi va ekstremal harorat har yili Markaziy Osiyoda 3 millionga yaqin odamga talofat yetkazgani, mintaqaga 10 milliard dollar zarar yetkazganiga e’tibor qaratgan.
Shavkat Mirziyoyev sammitda Iqlim tufayli yo‘qotish va zararni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etishni taklif qildi. Shuningdek, transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilma-xillikni saqlashga yagona yondashuv zarurligiga urg‘u berib, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chorladi va mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘kalamzorlashtirish harakati va uglerod muvozanatiga erishish bo‘yicha islohot keng miqyosda olib borilayotganini ma’lum qildi.
Agar mintaqamizda isish sur’ati shunday davom etsa, 2050 yilga borib Amudaryo va Sirdaryoda suv kamayib, hududiy YAIM miqdori 11 foiz tushishi mumkin. Shu bois O‘zbekiston yetakchisi o‘simliklarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslar mintaqaviy bankini ishga tushirish va 2030 yilgacha havoga bug‘langan gaz chiqishini 35 foiz kamaytirish reja qilingani, bu boradagi ishlarni 2050 yilga qadar yanada kengaytirish ko‘zda tutilgani haqida so‘zladi.
Shunindek, davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratgan jihatlarga yurtimizda elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablari yaratilayotgani hamda “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish bo‘yicha amaliy harakat boshlanganini misol qilib keltirish mumkin. Qolaversa, Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolanishi kutilayotgani ma’lum qilindi. Umuman, Prezidentimiz nafaqat mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga batafsil to‘xtaldi, balki quyidagi tashabbus, takliflarni ham ilgari surdi:
1. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda BMT innovatsion agrosanoat xabi yaratish;
2. BMT shafeligida Daryo ekotizimining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risida deklaratsiya ishlab chiqish;
3. Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish va tuzilmaning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish.
Xulosa shuki, O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishiga befarq emas. Ushbu muammoni ichki va tashqi siyosatning muhim, ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olgan. Eng muhimi, mazkur salbiy holatning mamlakatimiz va mintaqamizga salbiy ta’siri hozirdan sezilayotgani bois, bu borada amaliy sa’y-harakatlar olib bormoqda.
Ravshan G‘oziyev,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Sardor Rahimov, TDSHU magistranti.
- Qo'shildi: 15.11.2024
- Ko'rishlar: 799
- Chop etish