Islom hamkorlik tashkiloti bosh qarorgohida Sohil mintaqasi va Chad ko‘liga ko‘chirilgan shaxslar va qochoqlarga yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan donorlar anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Saudiya Arabistoni hukumati, BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) hamda Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi (UNHCR) hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanda turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va nodavlat tuzilmalar vakillari qatori O‘zbekiston tomonidan mamlakatimizning Saudiyadagi elchixonasi xodimlari qatnashdi.
Ishtirokchilar mintaqada o‘n yildan buyon davom etayotgan murakkab gumanitar inqiroz bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Mazkur inqiroz 33 millionga yaqin, jumladan 11 million nafar ko‘chirilgan shaxs va qochoq hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Ekologiya muammolari inqiroz ko‘lamini yanada chuqurlashtirmoqda. Bu esa shoshilinch va uzoq muddatli yechim talab qiladi.
Uchrashuvda jabrlanganlar turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani tiklash hamda aholi sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan loyihalar uchun moliyaviy resurs jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mintaqa aholisining xavfsiz va barqaror kelajagi yo‘lida sa’y-harakatni birlashtirib, ilgari surilayotgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 01.11.2024
- Ko'rishlar: 960
- Chop etish