So‘nggi yillarda barcha sohada bo‘lgani kabi nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoyasida ham chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, Prezidentimizning 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida tuzilgan komissiya yurtimizdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar turmushidagi muammolarni o‘rganmoqda.
Bugungi kunda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tizimda 198 ta mahalliy bo‘linma, 14 ta xududiy bo‘lim, 1 ta Markaziy boshqaruv, 63 ta o‘quv ishlab chiqarish korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, 1 ta sihatgoh, 2 ta dam olish maskani hamda “Bir safda” jurnali tahririyati faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ushbu tizimlar faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish, mavjud muammolarga yechim topish maqsadida har besh yilda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatining qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi qurultoyga ham qo‘shni davlatlar, shuningdek, Rossiyadan ko‘zi ojizlar jamiyati rahbarlari taklif etildi.
Qurultoy bosh ma’ruzasi “Tahlil va tanqid taraqqiyot omili” deb nomlandi. Ma’ruzalar davomida faoliyatning barcha jihatlariga to‘xtalib o‘tilib, yutuq va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Tizimda ko‘zi ojiz insonlarning mehnat faoliyatini yuzaga chiqarishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar, ommaviy-tashkiliy, madaniy-ma’rifiy va sport-sog‘lomlashtirish hamda reabilitatsiya ishlari ham chuqur tahlil qilindi.
Qurultoy so‘ngida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisligiga Ergash Norpo‘latov bir ovozdan qayta saylangani ma’lum qilindi.
N.Rahmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.09.2024
- Ko'rishlar: 1045
- Chop etish