O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng, Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Tatyana Molchan, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa va boshqalar qatnashdi. Umuman, forumga dunyoning 93 mamlakatidan ikki yarim ming nafardan ziyod xorijiy mehmon tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan xalqaro forum o‘tgan uch yil davomida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida majlis ishtirokchilarini qutlab, forum mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat berishini ta’kidladi.
Bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.
Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasayayotganini ko‘rsatib o‘tdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 2023-yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.
- Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekiston yetakchisi mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun tashlangan qat’iy qadamlarni sanab o‘tdi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Natijada so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.
O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi.
Energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”, kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “CAMCE”, tog‘-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yo‘nalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Bugungi forum doirasida dunyoning ilg‘or kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beriladi.
Iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, biznes yuritish uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar va olib borilayotgan ishlar qayd etildi.
Xorijiy investorlarga dividend solig‘idan imtiyozlar, xususiylashtirish jarayonining huquqiy asoslarini mustahkamlash va xususiylashtirish dasturini kengaytirish, tadbirkorlar barqarorligi reytingini joriy qilish, sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish, yerlarni ajratishning shaffof tizimini joriy qilish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirish shartlarini ijtimoiy va infratuzilma sohalarga tatbiq etish rejalashtirilgan. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirish ishlari tobora faollashmoqda.
Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.
Investorlar uchun yana bir muhim ko‘rsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan ortdi. O‘zbekistonda 90 dan ortiq davlatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi.
- Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga olmoqda.
Bu tamoyillar o‘tgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qat’iy muhrlab qo‘yildi.
Xususan, Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Tez orada mamlakatimizda birinchi xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi.
Sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarning joriy etilishi yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratadi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25-yildan 49-yilgacha uzaytiriladi.
Umuman, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida aholi daromadlarini ikki barobar oshirish va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xorijiy investorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.
Birinchi yo‘nalish: “yashil” energetika. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.
2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Strategik sheriklar bilan birgalikda yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo qilinmoqda, “yashil vodorod” ishlab chiqarish ishlari boshlandi. O‘tgan yilning o‘zida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi.
Bugungi forum doirasida qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi.
Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratib, mamlakatimiz yetakchisi barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.
Ikkinchi yo‘nalish: bank-moliya sohasi. So‘nggi yillarda islohotlar natijasida mamlakatimizda ko‘plab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.
Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.
Uchinchi yo‘nalish: foydali qazilmalarni birgalikda o‘zlashtirish. O‘zbekiston – mineral resurslar va o‘ta muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uran, 30 dan ortiq kamyob metallarning ulkan zaxiralari mavjud.
O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan o‘ta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatilganini qayd etib, Prezidentimiz Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilayotganini e’lon qildi hamda strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etdi.
Xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ham hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
To‘rtinchi yo‘nalish: mamlakatning raqamli transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.
Davlatimiz rahbari xorijiy investorlar iqtisodiyot uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, “yashil” ma’lumotlar markazlarini tashkil etish kabi istiqbolli IT loyihalarida ishtirok etishi mumkinligini qayd etdi.
O‘zbekiston Prezidenti transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurishga xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Mavjud xalqaro aeroportlarni rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangani ta’kidlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.
O‘zbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga taklif etadi.
– Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir, - dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida bugungi Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Sessiyada so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston erishayotgan muvaffaqiyatlarni yuksak baholadilar, hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflari bilan bo‘lishdilar.
Yalpi majlis doirasida Prezident ishtirokida umumiy qiymati 8,7 milliard dollarlik 15 ta yangi investitsiya loyihasiga start berildi hamda jami 2,8 milliard dollar qiymatga ega 5 ta sanoat obyekti ishga tushirildi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi 3-may kuni o‘z ishini yakunlaydi.
O‘zA
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 2283
- Chop etish