30 iyun – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon jamoatchiligiga yo'llagan murojaatida ta'kidlaganidek, “Odam savdosi – dunyoning barcha mintaqalariga daxldor dahshatli jinoyatdir”.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonini aynan 30 iyunda imzolangani zamirida ramziy ma'no bor.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi milliy, xorijiy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ushbu sanaga bag'ishlab “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha Dasturulamal printsiplar” to'plami o'zbekcha nashrining taqdimotini, jurnalistlar uchun brifing, shuningdek, “Muhabbat ila Sonya” badiiy fil`mi namoyishini o'tkazdi.
Ushbu tadbirlarda xorijiy mutaxassislar va xalqaro ekspertlar ham ishtirok etdi. Ulardan ayrimlarining fikr-mulohazalari quyida havola etilmoqda.
Tat`yana KOTLYARENKO, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha maslahatchisi:
–
O'zbekiston Prezidentining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risidagi farmoni aynan 30 iyun` – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kunida qabul qilindi. Bu bilan mamlakatingiz xalqaro majburiyatlarini bajarish borasidagi sa'y-harakatlari qat'iy ekanini yana bir bor amalda namoyish etdi.
Shuningdek, bu muhim hujjat O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan barcha milliy va xalqaro tuzilmalarning o'zaro hamkorligi yuqori darajada yo'lga qo'yilganidan dalolat beradi. Senat raisi boshchiligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tuzilgani buning yaqqol dalilidir.
Odam savdosiga qarshi kurashishda davlatlar va xalqaro tuzilmalarning “kim o'zar”ga o'ynaydigan musobaqasi bilan biron-bir natijaga erishish dargumon. Bunda faqat barcha sheriklarning o'zaro hurmat va bir-biriga bo'lgan ishonchiga asoslangan samimiy va do'stona hamkorligigina o'z samaralarini beradi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan amaliy hamkorligimizni bunga misol sifatida keltirishni istardim. Xususan, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi tomonidan tayyorlangan “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha Dasturulamal printsiplar” to'plami Markaz tashabbusi bilan o'zbek tilida nashr etildi. Varshavada chop etilgan ushbu nashrning taqdimotini o'zaro hamkorlikda Toshkentda o'tkazdik.
Maya RUSAKOVA, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi eksperti:
– O'zbekiston odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurash masalasiga jiddiy munosabatda ekanligini amalda namoyish etib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoevning bu boradagi yangi tashabbuslari ham e'tirofga sazovor.
Men Toshkentda o'tkazilgan taqdimot tadbirida “Odam savdosi jabrdiydalarini qayta yo'naltirish milliy mexanizmini rivojlantirish bo'yicha YeXHT/DIIHB tavsiyalari” mavzusida ma'ruza qildim. Tadbirdan keyin xuddi shu kuni O'zbekiston Prezidentining biz muhokama qilgan mavzuga daxldor Farmoni kuchga kirganidan xabar topdim.
Hujjatda YeXHT/DIIHB tavsiyalarining aksariyati hisobga olinibdi. Xususan, Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibini yanada kuchaytirishga doir tavsiyalar berilgandi.
O'zbekiston Prezidentining Farmoniga ko'ra, ushbu Idoralararo komissiya endilikda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil etilgani juda ahamiyatlidir. Milliy komissiya tarkibiga mamlakat hududlarida faoliyat olib borayotgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritilgani ham e'tiborga loyiq.
Xalqaro standartlar asosida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy ma'ruzachi instituti ta'sis etilganini ham qo'llab-quvvatlaymiz. “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonunga odam savdosi qurbonlarini xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish mexanizmini belgilash hamda odam savdosi qurbonlarini qayta yo'naltirishning milliy mexanizmini joriy etishga doir o'zgartish va qo'shimchalar kiritish ko'zda tutilayotgani ham juda muhimdir.
O'zbekistonga tashrifimiz doirasida turli tashkilotlar vakillari va fuqarolar bilan yaqin muloqotda bo'ldik. Yurtdoshlaringizning keng qamrovli va shiddatli islohotlarga qo'shayotgan o'z shaxsiy hissasidan faxrlanish hissi havasimizni tortdi.
Mrunal Txakur, hind kinoyulduzi, “Muhabbat ila Sonya” nomli badiiy fil`mi bosh qahramoni rolining ijrochisi:
– Avvalo, meni O'zbekiston Prezidentining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida ham tashabbuskor va qat'iyatli ekani mamnun etdi. Mamlakatingiz jamoatchiligi bu qaltis masalalarga befarq qaramasligi, aksincha, ana shu razil illatlarga qarshi kurashda o'zaro hamjihat va faol ekani meni hayratga soldi.
“Muhabbat ila Sonya” nomli badiiy fil`m ilk bor may oyida Venada, endi Toshkentda namoyish etilmoqda. Ushbu kinoasar hayotiy voqealarga asoslangan. Tug'ishgan opasining hayotini saqlab qolishga ahd qilgan Sonya oqibatda turli aldovlar tufayli global odam savdosi to'riga tushib qoladi.
Odam savdosi jabrdiydalarining aksariyati xotin-qizlar ekani juda katta tashvish uyg'otadi. Shu ma'noda, fil`m barchamizni yana bir bor ogohlikka chorlaydi, deb o'ylayman.
O'zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotganini eshitdim. Bu juda muhim. Mamlakatingizning odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi qadamlarini ham ma'qullayman.
Inson huquqlari bo'yicha
«Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali
Bosh muharririning o'rinbosari G'ulom Mirzo yozib oldi
- Qo'shildi: 03.08.2019
- Ko'rishlar: 7529
- Chop etish