18 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlis kun tartibiga muvofiq senatorlar dastlab “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2271-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.
Kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda.
Xususan, mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizini tashkil etadi.
Mazkur huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori yigirma foizni tashkil etishi belgilanmoqda.
Avval tadbirkorlar ushbu qonunbuzilish holati uchun oxirgi hisobot choragida ega bo‘lgan sof tushumni jarima shaklida to‘lashga majbur bo‘layotgan edi.
Endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni yanada maqbullashtirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda “Ijro ishini yuritish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga hamda Fuqarolik protsessual kodeksiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Endilikda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risida talablar bildirilganda – sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma, penya hisoblanishi va iste’molchini tarmoqdan uzish haqidagi ogohlantirish ko‘rsatilgan hujjat, qarzni to‘lash to‘g‘risidagi talab hamda uning iste’molchiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi berilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunga iste’molchini tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxalari ham berilishi bilan bog‘liq norma kiritilmoqda.
Qarzdor jismoniy shaxslardan pochta xarajatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan ham tatbiq etilishi ijro ishi yuritilishida soddalashtirilgan tartib etib belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga, qolaversa, iste’mol qilingan yoqilg‘i-energiya resurslari uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarini majburiy ijro etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiy mulk daxlsizligi va mol-mulkning haqiqiy bozor bahosini shakllantirish va uni ishonchliligini ta’minlash yuzasidan qator tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, bugungi kunda amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholash faoliyatiga oid ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun umumiy baholash qoidalari va tartiblari belgilanmagan.
Natijada sohani takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga kelgan.
Jumladan, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga muvofiq baholovchi, nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkin.
“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Sud ekspertining tekshirishlarni o‘tkazishda uning xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek, tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish bo‘yicha majburiyati nazarda tutilmoqda.
Kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirish chog‘ida muammolarni bartaraf etishga, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga, shuningdek, respublikamizda mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashga doir yagona yondashuvni joriy etishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Muhokama markazida bo‘lgan qonun bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
2023 yilda Raqobat qo‘mitasi vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga oid 614 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 142 tasida davlat yordami, ya’ni, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari kabi imtiyozlar beruvchi normalarni aniqlagan.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi o‘rganilganda 717 ta qonun buzilishi holati aniqlangan.
Shu bois “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, ushbu qonun bilan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llashda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan yengillik berilmoqda.
Jumladan, iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega bo‘lgan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishini birinchi marta sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektga bunday huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilishi va unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, ushbu qonun raqobat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro muvofiqlashtirilishiga, tovar va moliya bozorida sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishiga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan choralar ko‘rilishida adolatning qaror topishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishlarini oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Shu bois senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qonun davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda sportni ommalashtirish, sport turlarini yanada rivojlantirish va sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mazkur sohadagi qonun hujjatlariga sportdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan yangi normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olganligi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lganligi, shuningdek, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizning barcha qatlamlariga kirib bormoqda. Qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Inson qadri ustuvorligi, insonparvarlik va adolatparvarlik islohotlarimizning bosh g‘oyasiga aylanib ulgurdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash borasida ham choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda.
Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, bunday mahkumlarning insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat etish huquqi qayd etilmoqda.
Shuningdek, agar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar tegishli saylovlarda hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan bo‘lmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi huquqi mustahkamlanmoqda.
Xususan, kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra mahkumlar o‘ziga nisbatan inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egadir.
Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart, mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari va boshqa majburlov choralarini qo‘llashda Kodeksda belgilangan asoslardan hamda tartibdan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mahkumlarning Ombudsmanga hamda Bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi, murojaat qilish qutilarining o‘rnatilishi, ochilishi, foydalanishi, shuningdek, murojaatlarni yuborish tartibi yangi normada o‘z ifodasini topmoqda.
Muhokama davomida senatorlar qonun qabul qilinishi natijasida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Qurol to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, shuningdek, qurolning qonunga xilof muomalasining oldini olish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi.
Misol uchun faqatgina 2023 yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 1072 dona noqonuniy (ichki ishlar organlari ro‘yxatiga qo‘yilmagan) qurollar aniqlanib, 839 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, 2023 yilda tegishli ruxsatnomalarsiz saqlayotgan pnevmatik qurolini ixtiyoriy topshirish bo‘yicha ichki ishlar organlariga 1599 nafar fuqaro murojaat etgan.
Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramasdan o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni, pnevmatik qurolga noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar bugungi kunda ham kuzatilmoqda. Jumladan, 2023 yilda pnevmatik qurollar bilan bog‘liq 5 ta noxush holat sodir etilgan va buning oqibatida 4 nafar fuqaro jarohatlangan, 1 nafar fuqaro esa halok bo‘lgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni olib kelib topshirsa ham ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.
Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsiziligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda hamda qayd etilgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida qonunchilikda pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroli kabi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi normani mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Ta’kidlangandek, ushbu qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Oliy Majlis Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Uy-joy kodeksiga, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, Uy-joy kodeksida turar joylarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ularni qayta qurish yoki buzish shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qonunda xususiy mulkka bo‘lgan huquqlar daxlsizligining hamda tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash nazarda tutilgan bo‘lib, unda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas.
Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi belgilanmoqda.
Ma’lumki, iqlim o‘zgarishi oqibatida yildan-yilga sel kelishi va ko‘chki bilan bog‘liq xavfli jarayonlar tobora faollashib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan sel va ko‘chki bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish, aholi hayoti xavfsizligini ta’minlash, ko‘riladigan iqtisodiy zarar miqdorini kamaytirish maqsadida Shaharsozlik kodeksiga sel va ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda binolar va inshootlarni loyihalashtirish hamda qurishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan yangi norma kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larining erkin harakatlanishi kafolatlanishi, shuningdek, hududiy prinsip bo‘yicha erkin harakatlanishini cheklashga, to‘xtatib turishga va taqiqlashga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi yangi norma aks ettirilmoqda.
Senatorlar mazkur qonun xususiy mulkning va mulkdorlar huquqlarining himoya qilinishi kafolatlarini kuchaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun ziyoratchilar “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda ushbu litsenziya Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilishi hamda ushbu litsenziyani olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji belgilanmoqda.
Mazkur qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo‘shimcha sifatida kiritilmoqda.
Bundan tashqari, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar qatoriga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Endilikda “Umra” tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi yurtdoshlarimizning eng muqaddas amallarini emin-erkin va xavfsiz bajarishiga, bu borada huquq va erkinliklarining kafolatlanishiga, turli firibgarliklarning oldi olinishiga, eng muhimi mazkur jarayonda har bir fuqaro davlat himoyasida bo‘lishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra yalpi majlisda “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999 yil 2 iyul) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida Gaaga bitimining Jeneva akti o‘z mahsulotlarini, birinchi navbatda, tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan sub’ektlarga sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi milliy tizimlarga nisbatan qulayroq tartib-taomilidan foydalanish imkonini berishi ta’kidlandi.
Xususan, bugungi kunda mamlakatimizning ishlab chiquvchisi sanoat namunasi intellektual mulki himoyasini olish uchun bir qator mamlakatlarda tegishli idoraga ushbu mamlakatdagi shakl bo‘yicha va tilda ariza berishga majbur bo‘layotgani, har bir mamlakatda ushbu tartib-taomil uchun har safar alohida haq to‘layotgani aytib o‘tildi.
Gaaga bitimining Jeneva akti milliy ishlab chiquvchilarga barcha tartib-taomillar bajarilishini va hujjatlar tarqatilishini o‘z zimmasiga oladigan Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga (BIMT) bitta ariza berish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda 70 ta davlat, shu jumladan, MDHning aksariyat mamlakatlari Gaaga bitimining Jeneva akti ishtirokchilari hisoblanadi.
Qonunning qabul qilinishi milliy ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulkini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, yangi mahsulotlar yaratishda ularning javobgarligini oshirish va ishlab chiqarishda patentlangan ob’ektlardan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Bundan tashqari, mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilish mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Rim, 1961 yil 26 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur Konvensiya ahdlashuvchi davlatlarda ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlarining turdosh huquqlarini ularga o‘z huquqlarini himoya qilishning milliy rejimini taqdim etish orqali himoya qilishga qaratilganligi qayd etildi.
Hozirgi vaqtda 100 ga yaqin davlat, shu jumladan, bir qator MDH davlatlari Konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.
Muhokama chog‘ida Konvensiyaga qo‘shilish intellektual mulk huquqlarini himoya qilishning ilg‘or, xalqaro standartlarini joriy etishga, shuningdek, O‘zbekistonning nufuzini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning 52-yalpi majlisida yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof-muhitga salbiy ta’siri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz Prezidentining 2024 yil 13 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 martdagi “Yaylovlar va ulardagi yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda yaylov degradatsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorlar doirasida suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlarda tik quduqlarni qazish, quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yer osti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Buxoro va Navoiy viloyatlarida namunaviy tajriba loyihalarini amalga oshirish belgilangan.
Yaylov yerlarda suv ta’minotini yaxshilash va qayta tiklashda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti hamda Samarqand davlat universitetida “Yaylov ekologiyasi va boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Yaylovlarda chorva mollari bosimini kamaytirish va ularni almashlab o‘tlatishning oqilona tizimini yo‘lga qo‘yish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash hamda ularning mahsuldorligini oshirishning eng maqbul usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish belgilanmoqda.
Nishon, Nurota, Nurobod, Forish va G‘ijduvon tumanlaridagi yaylovlarda ikki yil muddatga chorva mollarini almashlab boqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan FAO, IKARDA, Saritas hamda AQSHning Nevada shtati “Yaylovlarni boshqarish jamiyati” kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Senatorlar olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda yaylov yerlaridan samarali foydalanish, ularni nazorat qilish va degradatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolayotganligini ta’kidladi.
Jumladan, yaylov yerlarini konturlar va foydalanuvchilar kesimida to‘liq xatlovdan o‘tkazish, 4 million gektardan ortiq yaylovda geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularning elektron raqamli xaritalarini ishlab chiqish zarur.
Suv inshootlarining 2269 tasi (78 foizi) ta’mirtalab holatga kelgan. Bundan tashqari, yaylovlarning suv ta’minotini yaxshilash hamda chorva mollarini suv bilan ta’minlash uchun 700 dan ortiq quduqlar yetishmasligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, Buxoro cho‘l yaylov o‘simliklar urug‘chilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini zamonaviy ilmiy laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan ta’minlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan bugungi kunda mazkur sohaga oid o‘zgarishlar hamda qonunchilikda belgilangan vazifalarni inobatga olib, yaylovlarni boshqarish va monitoring qilish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish, shu jumladan, “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, tegishli mutasaddilarning sohada amalga oshirayotgan ishlarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida har chorakda muhokama qilib borish hamda ularga ko‘maklashish, hududlarga yetuk mutaxassislar, olimlar va tadqiqotchilarni jalb qilib, ularning tavsiyalari asosida ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar berildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
2023 yil umumxalq referendumida O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan inson huquqlarini ilg‘or xalqaro standartlar asosida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning yangi qonunchilik asoslari yaratilgani ta’kidlandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil etildi va ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti yaratildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani samarali amalga oshirish maqsadida 2023 yilning o‘zida nogironligi bo‘lgan odamlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 2 ta Prezident farmoni va 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlar, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Shu bilan birga, majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlardan kelib chiqib, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish samaradorligi bilan bog‘liq qator masalalar belgilab olindi.
Jumladan, senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlari ta’minlanishidan, ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtidagi vaziyatdan xavotir bildirdi. Bundan tashqari, turli shakldagi zo‘ravonlikdan bolalarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari va hokimiyat boshqa organlarining mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan qator qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish kechiktirilayotgani aytib o‘tildi.
Har tomonlama muhokama yakunlari bo‘yicha Senat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini so‘zsiz bajarish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, Markaziy bank 2023 yilda inflyatsiyani jilovlash hamda bank tizimining moliyaviy barqarorligini maqbul darajada ta’minlash, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning banklar kapitali va likvidligiga salbiy ta’sirlarini minimallashtirishga yo‘naltirilgan o‘zaro muvofiqlashgan pul-kredit va makroprudensial siyosat olib bordi.
Xususan, tijorat banklaridagi milliy valyutadagi depozitlar qoldig‘i 2022 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, qariyb 170 trillion so‘mni tashkil etdi.
Jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘i 1,4 barobarga o‘sib, 64 trillion so‘mga, yuridik shaxslarning depozitlari qoldig‘i 1,2 barobardan ko‘proq oshib, qariyb 106 trillion so‘mga yetdi.
2023 yilning I choragidan boshlab inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasiga o‘tganligi sababli 2023 yil mart oyidan asosiy stavka 15 foizdan 14 foizga pasaytirildi.
Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini yuqori sur’atlarda o‘sishini jilovlash imkonini berib, 2023 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 8,8 foiz atrofida shakllandi.
Makroprudensial choralar natijasida 2023 yil yakunlari bo‘yicha bank tizimida regulyativ kapital miqdori 106 trillion so‘mni va tavakkalchilikka tortilgan aktivlar 604 trillion so‘mni, kapital yetarliligi ko‘rsatkichi 17,5 foizni (minimal talab 13 foiz) tashkil etdi.
Hisobot yilida tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga 251,4 trillion so‘m yoki 2022 yilga nisbatan qariyb 24 foizga ko‘p kredit mablag‘lari yo‘naltirilib, jami kredit qo‘yilmalari qoldig‘i qariyb 497 trillion so‘mga yetdi.
Aholiga ajratilgan kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 2022 yilga nisbatan 47 foizga ko‘payib, 148,2 trillion so‘mni, tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 15,3 foizga o‘sib 348,5 trillion so‘mni tashkil etdi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan 472 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishga 10 trillion so‘mga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi.
Hisobot yilida banklar tomonidan aktivlar bo‘yicha 13,1 trillion so‘mlik qo‘shimcha zaxiralar yaratilgan hamda muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 4 foiz bandiga oshib, 2024 yil 1 yanvar holatiga 85 foizga yetkazildi.
Bank kartalari foydalanuvchilari uchun “Humo” va “Uzcard” bankomatlar tarmog‘i o‘zaro integratsiya qilinib, mazkur bankomatlardan muqobil foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalarga e’tibor qaratib, fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berilmaganligi, “Humo” va “Uzcard” to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlari yakunlanmaganligi, muammoli kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi deyarli o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolayotganligini qayd etdilar.
Markaziy bankning 2024 yilgi faoliyatida bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish, narxlar barqarorligini ta’minlash, to‘lov tizimlari barqaror ishlashini ta’minlash va xizmatlar ko‘lamini kengaytirib borish hamda pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olishga qaratilgan kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida ishlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhokamadan so‘ng senatorlarning takliflari mujassamlangan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ham ko‘rib chiqildi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga asosan Jumanazar Ergashev o‘n yillik muddatga, Ma’murjon Kadirov muddatsiz davrga, Dilshod Rajabov muddatsiz davrga, Nosirjon Rasulov o‘n yillik muddatga, Burxon Turdiyev o‘n yillik muddatga, Asqarali Ummataliyev o‘n yillik muddatga, Gulnafis Xudayberdiyeva o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 18 ta masala, shu jumladan, 13 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1428
- Chop etish