“O‘zbekiston–2030”: nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va maqbul muhitni yaratish zarur

“O‘zbekiston–2030” strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish hamda ular uchun qulay va maqbul muhitni yaratish ko‘zda tutilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash orqali ularning bandligini ikki barobarga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufidagi “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan 2022 yilda 3 ming 399 nafar, 2023 yilda 5,2 ming nafar va 2024 yilning yanvar-aprel oylarida 2 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan ishsiz shaxs kasb-hunarga o‘qitilgan.  

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga an’anaviy va zamonaviy kasblarni o‘rgatish, fanlar hamda xorijiy tillarga o‘qitish, o‘qish davrida yashash va transport xarajatlarini qoplab berish maqsadida subsidiya ajratish choralari ko‘rilmoqda.  

2023 yil davomida ijobiy tavsiya berilgan 437 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlarga 5,1 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.  

Bu Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish” mavzusidagi davra suhbatida qayd etildi.    

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda  nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.  

Monomarkaz va kasb-hunarlarga o‘qitish markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etishda shart-sharoitlar yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, kasb-hunarlarga o‘qitilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning mehnat faoliyatiga ruxsat etilgan soha va tarmoqlarni o‘rganish hamda talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxatini shakllantirish zarur.  

Davra suhbatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ta’lim berish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi xorij tajribasiga to‘xtalib o‘tildi. Bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish yuzasidan fikrlar bildirildi.  

Davra suhbati yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech