O‘zbekistonda ayollarga avtobus va yuk mashinalarini haydashga ruxsat berildi

Bungacha ayollar faqatgina yo‘lovchilarning soni 14 kishidan oshmaydigan avtobusni haydovchi sifatida boshqarishi mumkin edi.

O‘zbekistonda ayollar avtobuslarni boshqarish huquqiga ega bo‘lmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq hukumatning 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori 2-ilovasi 27-bandi hamda 3-ilovasi 5-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan. 

Mazkur normalarda ayollarni «BC» va «D» toifalariga tayyorlashni tashkil qilishda yuk avtomobillarining yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan va avtobuslarning yo‘lovchilar tashish uchun ruxsat etilgan soni 14 kishidan oshmasligi kerakligi belgilangandi. Ya’ni, bugungacha ayollar faqatgina yo‘lovchilarning soni 14 kishidan oshmaydigan avtobusni haydovchi sifatida boshqarishi mumkin edi.  

Endilikda ayollarga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mehnat faoliyatini olib borish uchun huquqiy asos yaratildi:

  • yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini boshqarish;
  • yo‘lovchilarning soni 14 kishidan ortiq bo‘lgan avtobuslarni boshqarish.

Eski normalarning bekor qilinishi bilan ayollarga qo‘shimcha kasb va sohalarda mehnat faoliyatini olib borishi uchun huquqiy asos mustahkamlangan. Shuningdek, transport sohasida gender tenglikni ta’minlash va katta sig‘imli avtobuslarni (elektrobus) boshqarishga ayollarni jalb etish imkoniyati yaratilgan. 

Qayd etilishicha, zamonaviy avtotransport vositalarining texnik xususiyatlari ayollarga ushbu sohalarda qulay va sog‘liqlariga zararsiz mehnat faoliyatini olib borish imkonini beradi.

Kun.uz

Powered by GSpeech