Oʻzbekistonda migrantlarga yoʻl chiptasi va viza xarajatlari uchun pul beriladi. Mirziyoyevning mehnat migratsiyasi toʻgʻrisidagi Farmoni haqida batafsil maʼlumot berildi.
Adliya vazirligi Prezidentning “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Bugun.uzʻga maʼlum qildi.
Farmonga muvofiq Oʻzbekistonning Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qoʻshimcha ravishda mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe lavozimi joriy etildi.
Farmonga koʻra, 2024 yil 1 iyundan:
“Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
- xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
- yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.
Sugʻurta tashkilotlariga:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oila sifatida eʼtirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti, har bir sugʻurtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming soʻmgacha miqdorda subsidiya toʻlanadi;
- xorijda mehnat qilish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga duchor boʻlgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablagʻsiz qolgan Oʻzbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq toʻlanadi.
Farmonga koʻra, 2024 yil 1 iyundan hujjatlarni onlayn talab qilib olish boʻyicha konsullik yigʻimlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.
2024 yil 1-sentyabrgacha:
- mehnat migrantlariga yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyati tashkil etiladi;
- chet eldan chiquvchi abonentlar uchun koll-markaz raqamiga qoʻngʻiroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi.
2025 yil 1 iyulgacha quyidagilar yaratiladi:
- Oʻzbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va toʻliq integratsiya qilingan elektron maʼlumotlar bazasi;
- mehnat migrantlari uchun boʻlib turgan mamlakatlari va u yerdagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan bogʻlanish imkonini beruvchi mobil ilova.
2024 yil 1 iyuldan xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston tashqarisida ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.
Bugun.uz
- Qo'shildi: 15.04.2024
- Ko'rishlar: 1816
- Chop etish