O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida Samarqand shahrida tashkil etilgan Osiyo xotin-qizlari forumi yakunlandi.
30 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etgan nufuzli anjumanda ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalarida nafaqat tajriba almashildi, balki bu yo‘nalishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi.
Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani buning yaqqol ifodasidir. Mazkur xalqaro hujjatda xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini har tomonlama mustahkamlash va ularni amalda ta’minlash, gender tenglikka erishish, zo‘ravonlikka barham berish, gumanitar huquqni hurmat qilishga qaratilgan maqsadlar aks etgan.
Deklaratsiyada Osiyo mamlakatlarida XXI asrda har kim tenglik, taraqqiyot va farovonlik sharoitida yashab, xotin-qizlar va erkaklar adolatli dunyo barpo etish yo‘lida birgalikda harakat qiladigan jamiyat shakllanishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Forumda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi. Natijada ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotimizda muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.
Forumda so‘zga chiqqan yirik xalqaro tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlar assambleyasi vakillari ham O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Forum davomida ayrim ishtirokchilar bilan suhbatlashdik.
– Osiyo forumi juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova. – Aytib o‘tish kerakki, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida davlatimizda bo‘layotgan islohotlarning hammasi BMTning BRM maqsadlariga mos keladi. Mana shu ishlar va O‘zbekistonda Gender strategiyasi qabul qilingani forumda alohida e’tirof etildi. Tadbirda forumni har ikki yilda o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Endigi forumgacha bu borada yana ham katta yutuqlarni namoyish etishga muvaffaq bo‘lamiz. Forumda qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi barcha davlatlarga dasturilamal bo‘ladi. Bu deklaratsiyani bajarishga hamma o‘z “yo‘l xarita”larini, dasturlarini tuzib, bajarishga kirishadi. Samarqand shahrida o‘tkazilgan ikki kunlik forumda amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa, gender tenglik masalasida qilingan ishlar yuqori darajada e’tirof etildi. Bizdan ko‘p narsa o‘rganishdi. Bu esa, mana shu sohada yuqori o‘rinni egallayotganimizni ko‘rsatib turibdi.
– Belarus vakillarining Osiyo xotin-qizlari forumida ishtirok etishi katta sharaf, – dedi Belarus Respublikasi Milliy majlisi a’zosi Mariya Ilina. – Gender masalasi siyosiy va boshqa ijtimoiy masalalar kabi juda muhim. Bunday forumlarda biz tajriba almashib, o‘z mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Bu barcha mamlakat, xalqlar uchun juda foydali. Do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanadi, ayniqsa, mamlakatlarimiz o‘rtasida tushunish, hamjihatlik barqarorlashadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston haqida to‘xtalsam. O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Kamolovna men uchun gender tenglik bilan shug‘ullanuvchi ayol siyosatchi sifatida namuna. Bugun O‘zbekiston aynan bu masalada alohida e’tiborga munosib. Chunki ayollar manfaatlarini ta’minlashga, ularning ta’lim olishiga e’tibor kuchaydi. Ayol siyosatchilari safi kengayib bormoqda. Biz bundan juda mamnunmiz. Ayollarning mazkur forumdagidek bir joyga jam bo‘lishi – bu xalq diplomatiyasi rivojlanishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, Alisher Isroilov (video), Yoqub Meliboyev (video), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1498
- Chop etish