Ta’kidlanganidek, 2018-yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Shunga qaramasdan, bugungi kunga qadar 126 mingdan ortiq fuqarolarning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimni kutmoqda.
Bundan tashqari, ko‘plab holatlarda fuqarolarning bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylarga hamda kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlariga nisbatan egalik huquqi mavjud emas.
Shundan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimyati organlarining qarorisiz o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilgan uy-joylar, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan huquqni e’tirof etish asoslari va uning aniq tartibini belgilash zarurati mavjud.
Qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish asoslari nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini o‘zgartirish, ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartiblari o‘z aksini topmoqda.
Ahamiyatlisi, loyihada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati